Breaking News

Tramp Amerikaning qamoqxonada surati tushirilgan ilk rahbari bo’ldi


Jorjiya shtatining sudi tomonidan 2020-yilgi prezident saylovi natijasini o’zgartirishga harakatda ayblanayotgan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp sud talabiga binoan payshanba kuni Jorjiyaning Fulton grafligi qamoqxonasida bo’lib, suratga tushirildi, ma’lumotlari qamoqxona tizimiga kiritildi, 200 ming dollar garov puli evaziga sud kunigacha ozod etildi.

Xalqaro hayot - 25-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:56 0:00

Tramp u va yana 18 ta odamga qo’yilgan 41 ta punkt bo’yicha ayblovlarning hech birini tan olmasligini bildirarkan, siyosiy raqiblarini uni saylov kampaniyasidan chetlashtirishga harakatda aybladi.

"Ular saylovga aralashish bilan shug’ullanishyapti. Mamlakatimiz tarixida bunaqasi bo’lmagan hali”, - dedi sobiq rahbar.

Tramp Respublikachilar partiyasidan 2024-yil prezident sayloviga nomzodini qo’ygan da’vogarlar orasida peshqadamdir.

“Judayam katta tartibsizlik kelib chiqishi mumkin, chunki sud jarayonlari saylov jadvali bilan bir paytga to’g’ri kelmoqda”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Ileyn Kamark.

Trampga shu kunga qadar 91 ta punktdan iborat to’rtta jinoiy ish bo’yicha ayblov qo’yildi – Nyu-York sudida saylov kampaniyasi bilan bog’liq firibga doir da’vo, Florida sudida maxfiy hujjatlarni uyda saqlash, Vashington sudida 2021-yil 6-yanvarida odamlarni Kapitoliy binosiga hujumga gijgijlash kabilar.

Mutaxassislar Jorjiyadagi ayblovlarni eng jiddiysi deb atamoqda.

“Siyosiy tomondan eng jiddiysi shu. Tergovchilar qo’lida Tramp saylov natijasini o’zgartirmoqchi ekani haqidagi gaplari yozilgan tasma bor”, - deydi Jorj Vashington universitetidan ekspert Todd Belt.

Unga ko’ra, bu ish bo’yicha ayblanuvchilarning ko’pligi Trampni javobgarlikka tortishda qo’l kelishi mumkin.

“Jinoiy ishda ayblanuvchilar ko’p bo’lsa, ba’zilari jazoni yumshatish uchun sud bilan kelishishga harakat qiladi. Shunda ular prokurorga unda yo’q dalillarni berishga rozi bo’ladi”, - deydi Belt.

Prokuror Feni Uillis Tramp va qolganlar ustidan sudni 23-oktabrda boshlashni suddan so’ragan, biroq Trampning advokatlari bunga qarshi chiqmoqda.

Bu o’rtada AQSh Vakillar palatasining Adliya qo’mitasidagi respublikachilar prokuror Uillis ustidan tergov boshladi. Qonunchilar Trampga qarshi jinoiy ish ortida siyosiy sabablar borligiga ishora qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG