Breaking News

Milliarder prezidentni cheksiz sinovlar kutmoqda


Yaqinda Tramp poytaxt Vashingtonda yangi mehmonxona ochdi
Yaqinda Tramp poytaxt Vashingtonda yangi mehmonxona ochdi

Tramp minorasi deya tanilgan osmono'par binoda bugun Tramp boshliq yangi ma'muriyat tuzilmoqda. AQShning kelasi to'rt yili uning qo'lida bo'ladi.

"Qatar havo yo'llari" azaldan Nyu-Yorkda, endilikda Amerikani boshqarishga shaylanayotgan Donald Trampga tegishli imoratda asoslangan.

Havo yo'llari sanoatida Amerika ulushi kamayib bormoqda. Boshqa davlatlarning kompaniyalari o'z hukumatlaridan yordam oladi. AQShda esa ular xusisuy sektor. 300 ming ish o'rni qisqarish arafasida.

Aviakompaniyalar Trampga suyana oladimi? Ular Obama ma'muriyatidan imtiyozlar ololmadi. Endi umidi Trampdan. AQSh aeroportlarida chet el kompaniyalarining o'rni qisqarsin, degan talab olg'a surilmoqda.

Lekin Fors ko'rfazi aviakompaniyalari Vashingon bilan kuchli kelishuvlar imzolagan. Bu davlatlar "Islomiy davlat" ga qarshi xalqaro koalitsiya a'zolari, Amerikaning mintaqadagi ishonchli hamkorlaridir. Obama ma'muriyati shu bois ham ularning AQShdagi bizneslarini cheklamay keladi.

Tramp prezident sifatida biznesga aralashmoqchi emasligini aytmoqda. Qurilish va ko'chmas mulk imperiyasi farzandlari zimmasida bo'ladi. 15-dekabrda Tramp bu borada katta e'lon bilan chiqadi.

Hujjatlarga ko'ra, Tramp shaxsan 21 davlatda 100 dan ortiq biznesga ega.

Osiyoda, xususan Indoneziya, Hindiston va Filippinda Tramp ulkan imoratlarga egalik qiladi. Ozarbayjonda katta mehmonxona qurmoqda.

Hindiston hukumati bilan besh litsenziyaga kelishgan. Boshqa davlatlar bilan ham millionlab dollarlik kelishuvlar mavjud.

Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Saudiya Arabistonida ham bizneslari bor. Yangi koshonalar, jumladan mehmonxonalar, bunyod etmoqda.

Tramp musulmonlarga qarshi aytgan gaplarini qaytib oladimi? Uning islomga nisbatan fiklari arab davlatlari va Turkiyada qarshilik uyg'otgan. Bizneslari haydaladi, degan ogohlantirishlar bo'lgan.

Musulmonlarni keskin tekshiruvdan o'tkazish kerak degan taklifi hamon hammaning yodida, deydi keksa diplomat Ross Uilson. Prezident har bir qadamini o'ylab bosishi kerak.

Xitoy ham Tramp tomonidan tinimsiz qoralanadi. Pekinga u yolg'onchi, g'irrom va ayyor, deya la'nat toshlari otib keladi. Biroq Trampning bizneslari Xitoy bo'ylab 30 ga yaqin mehmonxona qurish ilinjida.

Xitoy firmalari va banklari Nyu-Yorkda Tramp egalik qiladigan binolarda joylashgan. Ular millionlab dollar ijara to'laydi. Xitoy banki Trampga 1 milliard dollarga yaqin kredit ham bergan.

Vashingtonda yangrayotgan ayrim talablarga ko'ra, Tramp o'z bizneslari faoliyatini vaqtincha to'xtashi kerak. Aks holda kelasi to'rt yil faqat mashmashadan iborat bo'ladi, deydi ba'zi ekspertlar.

Sobiq elchi Ross Uilson fikricha esa oshkoralik ta'minlansa, Tramp rostdan ham tadbirkorlikdan butkul prezidentlikka o'ta olsa, vaziyatga chidasa bo'ladi.

Tijoriy manfaatlar davlat manfaatlariga soya solmasligi lozim va eng asosiy vazifa xalq manfaatlarini ko'zlash bo'lishi kerak, deydi u.

Arabshunos olima Karen Yang deydiki, sharq mamlakatlarida rahbarlar Trampga o'xshagan boylar ekani va ularning oilalari eng yirik bizneslarni boshqarishini hisobga olsak, ular Oq uydan nolimasligi aniq.

Manfaatlar to'qnashuvi degan tushuncha G'arbda keng tarqalgan, deydi u. Shunday ekan, Trampning biznesi va prezidentligi Amerika oldidagi masala.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG