Breaking News

Respublikachilar Tramp xato qilganini tan olsa-da, uni ishdan olishga ovoz bermaydi


Respublikachi senatorlar Jon Kornin va Lamar Aleksander Senatdagi impichment sudida e'lon qilingan tanaffus paytida

AQSh Senatidagi ayrim respublikachi qonunchilarga ko'ra, Prezident Donald Tramp Ukrainadan saylovdagi raqibini tergov qilishni so'ragani nomaqbul ish bo'lgan, ammo bu uni impichment orqali prezidentlikdan olish uchun yetarli emas.

Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbati chog'ida demokratlardan prezidentlikka nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden va uning Ukrainaga qarashli gaz kompaniyasi boshqaruvchilari kengashida ishlagan o'g'li Xanter Baydenni tergov qilishni so'ragani ayon bo'ldi. AQSh rahbari bu ishning yomon joyi yoq'ligini aytib keladi, biroq muxolifat nazarida, u qayta saylanish maqsadida o'z foydasini o'ylab bu ishga qo'l urgan.

Vakillar palatasida impichmentga uchragan Trampning ishi endi Senatda ko'rilar ekan, respublikachi partiyadoshlar prezidentni qo'llab-quvvatlamoqda. Tenessi shtatidan respublikachi senator Lamar Aleksander va Ayovadan saylangan Joni Ernstning aytishicha, Tramp Zelenskiydan tergov boshlashni so'rab va shu bilan birga, Ukrainaga harbiy yordam sifatida ajratilgan 391 million dollar berilishini to'xtatib qo'yib xato qilgan.

"Agar prezident Baydenlarning Ukrainadagi ishlaridan norozi bo'lgan bo'lsa, Bosh prokuror Uilyam Barrga murojaat etishi kerak edi", - dedi Aleksander.

Biroq qonunchi nazarida, Trampning bu harakatini davlatga xiyonat, pora yoki jiddiy jinoyat deb bo'lmaydi.

100 a'zolik Senatda 53 ta o'rinni egallab turgan respublikachilarning 51 nafari 31-yanvar kungi ovoz berishda Senatdagi impichment sudiga guvohlarni chaqirtirish taklifini rad etdi. Ikki respublikachi senator - Meyn shtatidan Syuzan Kollins va Yuta shtatidan Mitt Romni barcha demokrat senatorlar qatori guvohlarni chaqirtirishga ovoz bergan edi.

Lamar Aleksanderning aytishicha, Trampning Oq uydagi taqdirini noyabr oyida bo'ladigan saylovda saylovchilar hal qilishi kerak.

Senator Ernst ham Aleksander kabi Tramp noto'g'ri yo'l tutganini aytadi.

"Xorijdagi tergovlarni boshlash uchun Adliya vazirligi oldidan o'tish kerakligini Tramp endi bilib oldi", - deydi u.

Bu senator ayol ham bo'lgan ish prezidentni lavozimidan chetlatish uchun yetarli asos emasligini aytadi.

Tramp mansabini suiiste'mol qilish va Kongressdagi tergovga halaqit berish ayblovlari bilan Vakillar palatasida impichmentga uchragan edi, biroq uni lavozimidan chetlatish uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismi bunga ovoz berishi kerak. Respublikachilarning son jihatdan ko'pligini hisobga olganda 5-fevralga belgilangan ovoz berishda Tramp oqlanishi va prezidentlikni saqlab qolishi kutilmoqda.

3-4 fevral kunlari esa Senatdagi sudda sudyalar rolini ijro etayotgan senatorlar 5-fevralda beriladigan ovozini izohlab o'tadi.

Trampning aytishicha, demokratlar asossiz ayblovlar bilan saylovlardan oldin Respublikachilar partiyasini zaiflashtirmoqchi bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG