Inauguratsiya ketidan Trampga qarshi namoyishlar

Donald Tramp AQShning 45-prezidenti sifatida qasamod keltirishidan bir kun o'tib Vashington ko'chalari namoyishchilar bilan to'ldi. Voqeani jonli blogimizda kuzatib boring.


23:11 21.1.2017

Vashingtonning markaziy ko'chalari 100 minglab odamlar bilan to'ldi. Aksariyati ayollar. Ular "Ayollar marshi"da qatnashmoqda. Qonunchilar, san'at arboblari, aktrisalar va huquq faollari o'z chiqishlarida Trampning ayirmachilik siyosatiga yo'l qo'ymasliklari haqida chiqishlar qildi.

Huquq faoli Gloriya Steynem Vashingtonda namoyishchilarga murojaat qilib, ba'zan e'tiqodimiz uchun o'zimizni qurbon qilishimiz kerak, dedi.

Aktrisa Amerika Ferrera, "Biz Amerikamiz", - dedi. "Muhojirlar o'lkasidan nodonlik o'lkasiga aylanishga yo'l qo'ymaymiz", - deya qo'shimcha qildi u.

Faollar ayollar teng huquqliligi, sog'liqni saqlash masalalari, abort qilish huquqi hamda ish joylaridagi tenglik haqida gapirdi.

Namoyishlar mamlakat bo'ylab kun bo'yi va ertaga ham davom etishi kutilyapti.

21:20 21.1.2017

Tramp ibodat qilish uchun cherkovga bordi

Poytaxt Vashington markazi namoyishchilar bilan to'lgan bir paytda Prezident Donald Tramp va uning oila a'zolari ibodat qilish uchun Vashington Milliy soboriga bordi. Inauguratsiyaning bir qismi bo'lgan ushbu ibodat marosimida turli din vakillari qatnashib, mamlakat sharafiga duo va ibodatlar qildi.

Unda musulmonlar ham qatnashib, Qur'ondan oyatlar o'qidi.

Prezident Donald Tramp va Birinchi xonim Melania Tramp ibodat qilish uchun Vashington Milliy soboriga kirib kelmoqda, 21-yanvar, 2017-yil.
Prezident Donald Tramp va Birinchi xonim Melania Tramp ibodat qilish uchun Vashington Milliy soboriga kirib kelmoqda, 21-yanvar, 2017-yil.

20:32 21.1.2017

Hillari Klinton namoyishchilarni olqishladi

Demokratlardan prezidentlik uchun nomzod bo'lgan va saylovda Donald Trampga yutqazgan Hillari Klinton "Twitter" tarmog'i orqali namoyishchilarni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

"Qadriyatlarimiz uchun yurish qilayotganingiz, gapirayotganingiz va oyoqqa turganingiz uchun rahmat. Bu har doimgidan ham muhim. Biz doim birgalikda kuchlimiz", - deb yozdi Klinton.

20:28 21.1.2017

Boshqa davlatlarda ham namoyishlar o'tkazilmoqda

Namoyishlar nafaqat Vashingtonda, balki AQShning boshqa shtat va shaharlari, shuningdek, dunyo bo'ylab ko'plab mamlakatlarda ham bo'lib o'tmoqda.

Namoyishchilar Trampning saylov kampaniyasi davrida aytgan ko'plab ayirmachi qarashlari endi siyosat darajasiga ko'tarilishidan xavotirda.

Londonda bo'lib o'tayotgan ayollar marshi, 21-yanvar, 2017-yil.
Londonda bo'lib o'tayotgan ayollar marshi, 21-yanvar, 2017-yil.

Ko'proq...

XS
SM
MD
LG