Mayami muhojirlarga oid Tramp talablariga bo'ysunishini ma'lum qildi

  • Amerika Ovozi

Mayamida muhajirlar

Prezident Donald Trampning immigratsiya siyosati markazida noqonuniy muhojirlarni himoya qiluvchi dasturlarni yo'q qilish turadi. Ko'plab shaharlar hujjatsiz immigrantlarga qarshi kurashda federal hukumatga yordam bermaydi. Tramp bunday shaharlarga moliyaviy yordam berilmasligini e'lon qildi. Los-Anjeles, San-Fransisko va Chikago kabi katta shaharlar Oq uy talablarini keskin inkor etgan bo'lsa, Mayami yangi tartibga bo'ysunishini ma'lum qildi.

Mayami shahar kengashi Tramp ma'muriyati talablariga bo'ysunish haqidagi mer qarorini ma'qullagach, norozilik kuchaydi.

Shahar meri Karlos Gimenesga ko'ra, qonunga rioya qilinyapti, xolos.

"Tartibga rioya qilishimiz muhim, chunki federal mablag'ni boy bera olmaymiz. Hozir olayotganimiz va kelajakda oladigan pulimiz xavf ostida", - deydi u.

Mayami-Deyd okrugida 2,7 million odam yashaydi. Yarmi muhojirlar. Ularning aksariyati Karib havzasi, Markaziy va Janubiy Amerikadan.

Shahar va uning atrofida 150 mingdan yarim milliongacha hujjatsiz muhojir borligi aytiladi.

Luiza AQShga Gvatemaladan 1989-yilda kelgan. Har yili solig'ini to'laydigan bu ayol deportatsiyaga uchrashidan, AQShda tug'ilgan besh nafar farzandidan ayrilib qolishdan qo'rqadi.

"Ular bir-biridan ajrab, bolalar uyiga tushib qolishi mumkin. Juda yaxshi o'qishadi. Ahvollari yaxshi, chunki men ular bilanman. Ularning tepasida turaman", - deydi u.

Tramp ma'muriyati e'lon qilgan yangi hujjatga ko'ra, bundan buyon politsiyachilar ham muhojirlar ishi bilan shug'ullanishi mumkin.

Mayami rahbariyati bundan norozi. Ularga ko'ra, shahar politsiyasi immigratsiya tartibini joriy etish ishlariga aralashmaydi.

Mayami-Deyd okrugi politsiyasidan Alvaro Zabaleta shunday deydi:

"Buning asosiy sababi shundaki, odamlarning ishonchini boy berishni xohlamaymiz. Oilaviy zo'ravonlik qurboni bo'lgan ayol deportatsiya qilinishdan qo'rqib bizga murojaat qilmasligini istamaymiz", - deydi u.

Ilgari biror jinoyat bilan qo'lga tushgan odam, agar hujjatsiz muhojir ekani aniqlansa, federal hukumat xarajatini ko'targan taqdirdagina qamoqxonada qo'shimcha tutib turilardi.

Gimenesning aytishicha, endi shahar byudjetidan bunday muhojirlar 48 soatgacha ushlab turiladi. Agar immigratsiya xizmati olib ketmasa, ular qo'yib yuboriladi.

"Biz federal hukumatdan bu masalada yordam olmaymiz. Shaxsni 48 soat ushlab turamiz, lekin undan muhojirlik maqomi so'ralmaydi. Muhojirlik maqomini deb hech kimni hibsga olmaganmiz va olmaymiz", - deydi u.

Tramp ma'muriyati uchun bu kamlik qilishi mumkin. Oq uy butun mamlakat bo'ylab noqonuniy muhojirlarni himoya qiluvchi dasturlarni tugatishga bel bog'lagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG