Breaking News

Oq uy: Ozchilikdagi guruhlar ravnaqi uchun rejamiz bor


Bir necha haftalik tartibsizliklardan so’ng Prezident Donald Tramp uning hukumati ozchilik jamoalarning iqtisodiy ravnaqi uchun jiddiy qadamlar tashlashga va’da bermoqda, xususan sog’liqni saqlash sohasida.

Oq uy “xavfsizlik, imkoniyat va qadr-qimmatni e’tirof etuvchi” to’rt qismdan iborat reja ustida ishlamoqda.

Texasning Dallas shahridagi cherkovda so’zlar ekan, Prezident Tramp politsiyaning kuch ishlatganda zamonaviy professional standartlarga rioya qilishini ta’minlovchi farmon imzolashini ma’lum qildi.

“Toqatsizlik va noto’g’ri qarashlarni bartaraf etish uchun birgalikda ishlashimiz lozim. Lekin millionlab halol amerikaliklarga irqchi degan soxta tamg’ani qo’yib, natijaga erisha olmaymiz”, - deydi u.

AQSh rahbari tartibsizliklar paytida huquq-tartibot xodimlari ko’chalarda ustunlikni qo’lga olishi kerak, degan edi. Bu bayonot yuzasidan tanqidlarni u rad etadi.

Vashington shtati, Sietl shahrida davom etayotgan namoyishlar Tramp e’tiborida. U shahar meri va shtat gubernatorini Sietlni zudlik bilan “xunuk anarxistlardan” ozod etishga chaqirdi. Bu ishni bajara olmasangiz, o’zim bajaraman, deya talab qildi Tramp.

Sietl meri Jenni Derken “Twitter” orqali Trampga javob berdi:

“Bunkeringizga borib o’tirsangiz, barchamiz xavfsiz bo’lamiz”.

Politsiya islohoti va Tramp Dallasda tilga olgan boshqa qadamlar Jorj Floydning o’limidan g’azablangan ommani tinchlantirishiga ishonch past. Qotillikda ayblanayotgan oq tanli politsiyachi Floydning bo’yniga qariyb 9 daqiqa tizzasi bilan bosib turgan. Uning “nafas yetishmayapti” degan so’zlariga e’tibor berilmagan.

AQSh Adliya vaziri Vilyam Barr deydiki, bu “dahshatli voqea” mamlakatni junbushga keltirdi. Ammo huquq-tartibot organlarini yo’q qilish kerak degan chaqiriqlarga o’rin yo’q, deydi vazir.

Tramp ham politsiya boshqarmalarini moliyadan uzish lozim, degan fikrga qo’shilmaydi. Uning aytishicha, politsiyaning oq bo’lmagan aholiga shafqatsiz munosabatda ekani haqidagi da’volar bo’rttirilgan.

Texasdagi namoyishchilar

Prezident korteji cherkovga yaqinlasharkan, ikki guruh namoyishchilar uni kutib oldi. Ayrimlar qo’lida Trampga nisbatan haqoratlar tushirilgan plakatlar. Boshqalar qo’lida uni qayta saylash to’g’risida yozuvlar.

Prezidentlikka demokratlar nomzodi Jo Bayden Trampning Dallasga safarini tanqid qildi:

“Prezident Tramp haftalardan buyon sistematik irqchilik va politsiya zo’ravonligi haqida jo’yali gap aytgani yo’q. Aksincha, jamiyatni yanada bo’lib qo’ydi. Uning Texasga safari hech narsani o’zgartirmaydi. Mamlakat motamda, lekin Trampni ko’proq suratga tushib o’zini reklama qilish qiziqtiradi”.

Prezident pandemiya olib kelgan ishsizlik va tushkunlikdan so’ng iqtisodiyot jadal sur’atda o’zini tiklab olishini bashorat qilmoqda. Tramp bu haqda so’zlayotganda aksiya bozorida narxlar 7 foizga tushgan edi.

Ekspertlarga ko’ra, cheklovlar yumshatilayotgan shtatlarda koronavirus yana tarqalayotgani va Markaziy bankning iqtisodiy tiklanish ancha vaqt olishi to’g’risidagi bayonoti sarmoyadorlarni cho’chitgan. Tramp pessimistik ruhdagi bashoratlarni rad etmoqda.​

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG