Breaking News
Din

Tramp BMTdagi tadbirda diniy erkinlikka urg'u berdi


AQSh Prezidenti Donald Tramp diniy erkinlikka bag'ishlangan tadbirda

Prezident Donald Tramp Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida diniy erkinlikka bag’ishlangan tadbir uyushtirib, mamlakatlarni diniy ta’qiblarga chek qo’yishga, e’tiqodga qarab odam ajratishni bas qilishga chaqirdi.

Tramp bu masalada Amerika kompaniyalaridan faolroq bo’lishni so’radi.

AQSh rahbari diniy zo’ravonliklarda jabr ko’rganlarga yordam tariqasida qo’shimcha 25 million dollar ajratilishi haqida e’lon qildi.

Oq uyga ko’ra, shu yil iyul oyida Adliya vazirligi antisemitizmga qarshi kurashga bag’ishlangan sammit o’tkazdi, “Islomiy davlat” jangari to’dasidan jabr ko’rgan nasroniylar va yazidiylarga hamda Myanmada hukumat kuchlari ta’qibiga uchragan roxinjalik musulmonlarga gumanitar yordam ko’rsatdi.

AQSh tayyorlagan ma’lumotlarga qaraganda, dunyo aholisining 83 foizi diniy erkinlik bo’g’ilgan yoki man qilingan mamlakatlarda yashashadi.

“Shu onlarda dunyoning turli chekkalarida yahudiylar, nasroniylar, musulmonlar, buddistlar, hindular, sikxlar, yazidiylar va ko’plab boshqa e’tiqod vakillari qamalmoqda, jazolanmoqda, qiynoqlarga solinmoqda va hatto o’ldirilmoqda. Ko’p hollarda o’z hukumatlari qo’lidan diniy qarashlarini bildirgani uchun. Bunga ishonish qiyin”, - dedi Tramp.

AQSh prezidenti bu kabi jinoyatlarga chek qo’yishga, vijdon mahbuslarini ozod qilishga, diniy erkinliklarni cheklovchi qonunlarni bekor qilishga, mazlumlarni himoya qilishga chaqirdi.

“Amerika o’z e’tiqodi bo’yicha yashash huquqiga ega bo’lmoqchi bo’lgan har bir mamlakatdagi taqvoli odamlarni qo’llab-quvvatlaydi. Diniy erkinlikni himoya qilish prezident sifatidagi ustuvor vazifalarimdan biri”, - dedi Tramp.

Dunyo bo’ylab diniy ta’qiblarga qarshi kurashish maqsadida Qo’shma Shtatlar iyul oyida Xalqaro diniy erkinlik alyansiga asos solib, boshqa davlatlarni bu borada hamkorlikka chaqirdi.

Nyu-Yorkdagi tadbirda diplomatik muzokara natijasida 2018-yil oktabrida Turkiya qamog’idan ozod etilgan ruhoniy Endryu Branson ham qatnashdi. Tramp uni o’z ma’ruzasida tilga oldi.

AQSh rahbari iyul oyida Oq uyda diniy ta’qibga uchragan odamlar bilan uchrashganini ham aytib o’tdi. Ular orasida 2013-yilda Xitoyda hibsga olingan taniqli uyg’ur olimi Ilhom To’xtining qizi ham bor edi.

Tramp AQShning Kaliforniya va Pensilvaniya shtatlarida sinagogalarga qarshi hujumlarni, Yangi Zelandiyada 50 nafar musulmonning o’limiga sabab bo’lgan ikki masjidga qilingan hujumlarni, Shri-Lankada yuzlab nasroniylarni o’ldirgan terror xurujlarini ham tilga oldi.

“Biz davlatlardan diniy jamoalarga qarshi jinoyatlarni qattiqroq tergov qilishga va jazo choralarini kuchaytirishga, diniy ziyoratgohlar va yodgorliklarga qarshi buzg’unchiliklarning oldini olishga ham chaqiryapmiz”, - dedi Tramp.

Unga ko’ra, AQSh tarixida ilk bor tadbirkorlardan diniy erkinliklarni himoya qilishda amaliy qadamlar qo’yish so’ralmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG