Breaking News

Rossiya mashmashasi Oq uyni tinch qo'ymayapti


Kenja Donald Tramp
Kenja Donald Tramp

AQSh saylovlariga Rossiya aralashgan degan da'volarni tekshirayotgan qonunchilar Prezident Donald Trampning o'g'lini Kongressga chaqirtirib, savolga tutmoqchi. Kenja Tramp 2016-yilning iyunida rossiyalik bir advokat ayol bilan uchrashgan. Lyudmila Veselnitskaya Hillari Klintonning kampaniyasiga zarar yetkazuvchi ma'lumotlarga ega ekani haqidagi taxminlar uchrashuvga asos bo'lgan. Unda kimlar qatnashgani asta-sekin ayon bo'lmoqda.

"Trampning saylov kampaniyasi Rossiya bilan til biriktirishga uringani o'ta xavotirli", - deydi Vakillar palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi.

Kenja Trampdan tashqari, prezidentning yaqin maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner ham yopiq eshiklar ortida qonunchilar savollariga javob beradi. Oq uyda ishlaydigan har bir shaxs kuchli tekshiruvlardan o'tadi, ammo Kushner Veselnitskaya bilan uchrashuvda qatnashganini yaqindagina ma'lum qildi.

"Oq uyda axloqiy me'yorlar mavjud emas. Kushnerning hukumatda ishlash ruxsatnomasi bekor qilinishi shart", - deydi Pelosi.

Ayrim respublikachilar ham prezidentning qarindoshlarini Oq uydan chetlatish kerak, deb da'vat etmoqda. Trampning qizi Ivanka ham otasiga maslahatchi.

Kenja Tramp esa yashiradigan narsam yo'q, ixtiyoriy ravishda hisobot beraman, demoqda. Prezident Donald Tramp Oq uyga saylanishida Rossiya rol o'ynagan degan xabarlarni qalbaki deb tanqid qilib keladi. Amerikaning 17 razvedka idorasi Kreml AQSh saylov sistemasini buzishga harakat qilgani haqida hamfikr.

Fransiyaga safari chog'ida Prezident Tramp o'g'lining tarafini oldi.

"Saylovda raqibingiz haqida ma'lumot to'plash oddiy hol. Siyosat deyishadi buni. Kimdir sizga ma'lumot taklif qilsa, olasiz. Rus advokati bilan uchrashuv juda qisqa bo'lgan, natijasiz tugagan. Axborot vositalari pashshadan fil yasayapti", - deydi prezident.

AQSh prezidentlik saylovlariga rus xakerlari shaxsan Vladimir Putinning buyrug'i bilan burun suqqani, Tramp va unga yaqin odamlar bu ishlardan xabardor bo'lgani haqidagi da'volarni Federal Qidiruv byurosi ham tekshirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG