Breaking News

Tramp Peru sammitida Kuba, Venesuela rahbarlari bilan uchrashmaydi


Prezident Donald Tramp Amerika davlatlari sammitida Kuba va Venesuela rahbarlari bilan uchrashishi kutilmayapti. Ikki kunlik anjuman Peru poytaxti Limada 13-aprel kuni boshlanadi.

Sammit AQSh rahbari Meksika bilan chegaraga harbiylarni safarbar etayotgan, Shimoliy Amerika erkin savdo bitimidan (NAFTA) chiqamiz deb jar solayotgan bir paytda o'tadi. Trampning po'lat va alyuminiy importiga boj solish qarori ham tanqid ostida, ammo NAFTA a'zolarining ko'pi vaqtincha bojdan ozod.

"Prezident sammitdagi nutqida mintaqaviy boshqaruv, Venesueladagi vaziyat va savdo-sotiqda tenglik haqida to'xtaladi", - deydi Oq uy rasmiylaridan biri.

Tramp Janubiy va Markaziy Amerikadan kelayotgan muhojirlarni AQSh xavfsizligi va iqtisodiyotiga tahdid deb biladi. Oq uyga harakat qilayotganda meksikalik immigrantlarni tajovuzkor, jinoyatchi va narko-savdogarlar deb atagan edi.

Tramp, shuningdek, Meksika Prezidenti Enrike Penya Nyeto bilan chegarada devor qurish va uni moliyalashi to'g'risida bahslashib keladi. Unga ko'ra, devor uchun Meksika to'lashi kerak. Penya Nyeto Trampga mutlaq rad javobini berib, yil boshida Amerikaga rejalangan safarini bekor qilgan. Ikki rahbar sammitda yuzma-yuz uchrashishi belgilanmagan.

Tramp Kuba rahbari Raul Kastro va Venesuela delegatsiyasi bilan uchrashmasligi ham aniq, deydi Oq uy rasmiylari.

Barak Obama prezidentligi davrida Kuba bilan aloqalarda iliqlik kuzatilgan bo'lsa, Tramp bu jarayonga nuqta qo'ydi. Venesuelaga esa sanksiyalar qo'yilgan. Agar Venesuela rahbari Nikolas Maduro Peruda o'tadigan anjumanga kelmasa, uning sotsialistik hukumatini yakkalash sa'y-harakatlariga boshqalar ham qo'shilayotganiga dalil bo'ladi, deydi AQSh rasmiylari.

AQSh delegatsiyasiga Davlat kotibi muovini Jon Sallivan va prezident maslahatchisi Ivanka Tramp boshchilik qiladi. Sammitda erkin savdo bo'yicha muhokamalar bo'lishi kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG