Qirg’iziston ziyolilari: Muhojirat masalasini hamjihatlikda yechish lozim


AQSh rahbari Donald Trampning immigrasiya tartibini qat’iylashtirish borasidagi farmoni Markaziy Osiyo o’lkalarida ham savollar uyg’otdi.

Keyinroq Tramp janoblari maxsus bayonot berib, ushbu qaror musulmonlarga qarshi qaratilmagani, balki terrorizmga qarshi bo’lib, AQSh xavfsizligini ta’minlashni ko’zda tutishini ta’kidlagan bo’lsa-da, tashvishlar va savollar qolmoqda.

"Amerika Ovozi” qirg’izistonlik shoir Muhammadsoli Ismoilov bilan suhbatda bo’ldi.

Suhbatdosh nazarida, AQSh prezidentining farmoni puxta o’ylanilmagani va har tomonlama asoslanmagani bois mamlakatning o’zida bahs va norozilikka sabab bo’layotir.

“Musulmon davlatlaridan kelayotgan muhojirlarga cheklov qo’yilishi, vaqtinchalik bo’lsa ham, mazmunan musulmon olamiga qarshi tazyiq sifatida qabul qilinishiga olib keldi. Vaholanki, terrorchilik, jinoyatchilikni millati va dini yo’q. Amerika kabi buyuk davlat bunday qarorlarni qabul qilayotganda juda ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

Shoir muxolifat ushbu vaziyatdan foydalanib, AQShda barqarorlikka putur yetishi ehtimolidan tashvishda. Uningcha, jamiyatda o’zaro muloqot va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadga muvofiq.

“Terrorizm xavfi nafaqat musulmon davlatlari hududidan, balki taraqqiy etgan Yevropa orqali tahdid qilishi ehtimoli yo’q emas-ku. Demak, qay bir davlatlarni sanab o’tish mantiqqa to’g’ri kelmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Muhammadsoli Ismoilov aminki, taraqqiy etgan davlatlar hamkorlikda terrorizmga qarshi kurash dasturini ishlab chiqishi va amalga oshirishi kerak.

“Qay bir davlat yakka holda, turli cheklovlar yoki farmonlar yo’li bilan terrorizmni jilovlashga urinishlari jiddiy samara berishi qiyin. AQSh o’zi katta davlat bo’lgani bilan boshqa davlatlar bilan hamjihatlikda ish tutsa, to’g’ri qilgan bo’ladi. Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy kabi yirik davlatlar va uyushmalar bilan birgalikda dastur ishlab chiqilsa va faoliyat olib borilsa, bir tarafdan yaxshi natijaga erishiladi, ikkinchi tarafdan tushunmovchilik va noroziliklarga o’rin qolmaydi”, - deb hisoblaydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG