Breaking News

Trampning Oklaxomadagi yig’inida ishtirok sust bo’ldi


20-iyun kuni Oklaxoma shtatining Tulsa shahrida Prezident Donald Tramp pandemiya boshlanganidan beri birinchi marta saylov yig’ini o’tkazdi. Noyabrdagi prezidentlik saylovlari oldidan tarafdorlarini ilhomlantirishga, ularning siyosiy kuchini ko’rsatishga qaratilgan tadbirga kutilganidan kamroq odam borgan.

Tramp qariyb bir million kishi chipta sotib olganini ta’kidlagan edi. Prezidentning 19 ming kishilik arenaga kira olmaganlar oldida alohida so’zlash rejasi bekor qilingan.

Oklaxoma – koronavirus ko’rsatkichlari oshib borayotgan konservativ shtatlardan biri. Bu yerda virusga chalinganlar 10 mingdan ko’p.

Tramp tarafdorlarini “jangchilar” deya atab, 1 soatu 40 daqiqa davom etgan nutqida tanish mavzularni tilga oldi: konservativ sudyalarni tayinlash, past soliqlar, gurkirayotgan aksiya bozori, Meksika bilan chegarada devor hamda harbiy byudjetni oshirish.

Koronavirus haqida gap ketganda, AQSh rahbari yuqori ko’rsatkichlarni kasallik testlari ko’p o’tkazilayotgani bilan izohladi. Amerikada hozirda 2,3 million odam virusni yuqtirgan, undan o’lganlar 122 mingdan oshdi.

“Keng qamrovlni testlar o’tkazsangiz, albatta, yuqtirlarganlarni ko’proq topasiz, raqamlar o’saveradi. Shuning uchun testlarni kamaytirishni so’radim”, - deydi Tramp.

Oq uy rasmiysi prezidentning bu gaplari hazil ekani, u shunchaki ommaviy axborot vositalarida mavzu qanday yoritilayotganidan norozi ekanini qayd etgan.

Konservativ shtatda Trampni ko’rish va tinglash uchun yig'inga borgan odamlardan, agar ular koronavirusga chalinsa, Tramp kampaniyasini ayblamaslik to’g’risida tilxat yozib olingan. Tadbir boshlanishidan bir necha oldin uni tashkillashtirishda qatnashgan olti kishida virus aniqlangani xabar qilingan edi.

Nutqida asosan ichki siyosatga to’xtalgan Tramp, shuningdek, “Islomiy davlat” guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag’dodiy va Eronning “Quds” maxsus kuchlari qo’mondoni Qosim Sulaymoniyning o’ldirilishi borasida maqtandi. Koronavirus tarqalishida Xitoyni aybladi. Prezidenlikka demokrat nomzod Jo Baydenni “Xitoyning qo’g’irchog’i” deya tanqid qildi.

Irqchilikka qarshi namoyishlar va qulchilikni himoya qilgan arboblar sharafiga qo’yilgan haykallarning olib tashlanishini qoralab, Tramp shunday dedi:

“Bu shafqatsiz senzura va odamlarni chetlatish kampaniyasi amerikaliklar qadrlaydigan barcha narsalarga ziddir. Ular merosimizni yo’q qilib, o’rniga yangi repressiv rejim o’rnatmoqchi”.

Ishtirok sust

Oklaxomadagi yig’in AQShda pandemiya boshlanganidan buyon yopiq joyda o’tkazilgan ilk yirik tadbir bo’ldi. Ishtirokchilar soni kamligi bois prezident va vitse-prezidentning arenadan tashqarida tarafdorlar bilan uchrashuvi bekor qilingan.

“Trampning tavakkal qilib, oq millatchilar va irqiy qo’rquvga tayangan holda olib borayotgan kampaniyasi nihoyat yerga qulab tushmoqda. Hatto uning ashaddiy tarafdorlari ham Trampning ruhini ko’tarish uchungina tashkillashtirilgan COVID-19 o’lim xonasiga kirishni istamaydi”, - deydi “Rangli demokratiya” tashikioti rahbari Stiv Filips.

Tramp kampaniyasi esa namoyishchilarni va mabuotni ayblamoqda.

“Afsuski, namoyishchilar halaqit berdi. Hatto tadbirga kelganlarni metal detektoridan o’tishga qo’yishmadi. Radikal namoyishchilar hamda medianing tinimsiz xurujlari prezidentning tarafdorlarini qo’rqitishga urindi”, - deydi Tramp kampaniyasi so’zlovchisi Tim Murta.

Tadbirni kuzatgan jurnalistlar esa namoyishchilar odamlarning yo’lini to’sgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

“Ishtirok sustligida COVID-19 rol o’ynagani shubhasiz. Biroq Tramp ilgari g’olib bo’lgan shtatda bitta arenani to’ldira olmasa, boshqa shtatlarda qanday natija ko’rsatishi savol ostida”, - deydi siyosatshunos Larri Sabato.

“Saylov Tramp uchun referendum bo’ladi. Bunday yig’inlar Tramp tarafdorlarini ruhlantirishi mumkin, lekin keyinchalik ular orasida koronavirus tarqalgani aniqlansa shuning aksi bo’lishi ham mumkin”, - deya qo’shadi u.

Virus

Oklaxomadagi arenaga kirishda odamlarning harorati o’lchandi, istangalarga niqoblar va dezinfeksiyalash geli tarqatildi. Yelkama-yelka turib Trampni olqishlagan minglab amerikaliklarning ko’pi niqobsiz edi.

“Odamlar har narsadan o’lishi mumkin”, - deydi ulardan biri, Jozi Saltarelli.

Tulsa shahri aholisi tadbirga kelganlarning niqob taqishi majburiy bo’lsin, deya sudga murojaat qilgan edi. Oklaxoma Oliy sudi talabni rad etgan.

Tulsaning respublikachi meri G. T. Baynum ham koronavirus sababli Tramp yig’iniga bormasligini aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG