Breaking News

Saylov-2020: Yoshlar dezinformatsion kampaniyadan xabardor


“Nilsen” media tadqiqotlar kompaniyasiga ko’ra, afro-amerikaliklar ijtimoiy tarmoqlardan eng faol foydalanuvchilar qatoriga kiradi, ayniqsa, prezident saylovlari haqida gap ketganda. Razvedka hisobotlaridan bilamizki, 2016-yilgi saylovda Rossiyaning dezinformatsion kampaniyasi aynan qora tanli amerikaliklarni nishonga olgan. Bu yilgi prezident saylovlarida ham bu takrorlanishi kutilmoqda.

Afro-amerikalik talabalar siyosat va saylov to’g’risidagi ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan olishini aytadi.

“Bugun o’zingizga kerakli barcha ma’lumotni ijtimoiy kanallardan topa olasiz. Eng yaxshi vosita ular”, - deydi talaba Royal Klemons.

Shu bilan birga, ular prezidentlik saylovlari haqida internetdan olayotgan ma’lumotlarini sinchkovlik bilan tekshiradi. Maqsad - haqiqatni yolg’ondan ajratish. Xavfsizlik bo’yicha mutaxassislarga ko’ra, barcha saylovchilar, xususan afro-amerikaliklar, soxta va yolg’on ma’lumot tarqatish kampaniyalari haqida ogoh bo’lishi lozim.

Ron Vuds 2016-yilgi saylovda “Facebook” orqali odamlarni ovoz berishdan aynitishga harakatlar bo’lganini aytadi.

“Rossiya odamlarning ovoz berishga chiqmasligi uchun qo’ldan kelgancha harakat qiladi. Faol va xabardor fuqaro bo’lmasangiz, ovozingiz chetda qolib ketadi”, - deydi u.

AQSh Senatining Razvedka qo’mitasi o’tgan yili chiqargan hisobotga ko’ra, 2016-yilgi saylov kampaniyasi chog’ida ruslar ijtimoiy media orqali ayniqsa afro-amerikaliklar ovoziga ta’sir ko’rsatishga harakat qilgan.

Faol fuqarolardan biri Garret Makdaniyel saylovchilar internetdagi siyosiy ma’lumotlarni tekshirishi muhim ekanini aytadi.

“2016-yilda nimalar bo’lganini ko’rdik. Rossiya hukumati afro-amerikalik saylovchilarni manipulyatsiya qilishga harakat qildi. “Qora tanlilar ham odam” nomli tashkilotning soxta sahifalarini yaratdi”, - deydi Makdaniyel.

AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, rus trollari saylov paytida ijtimoiy tarmoqlarni soxta postlar bilan to’ldirgan, ijtimoiy tafovutlar va partiyabozlikdan foydalanib, amerikaliklarning tizimga bo’lgan ishonchini yemirishga harakat qilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlar, umuman olganda, odamlarning ilgaridan mavjud qarashlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Afro-amerikaliklarga ta’siri ham shunday. Chunki onlayn forumlarda jamoatchilik mavzularni muhokama qiladi, fikr almashadi”, - deydi tahlilchi Tod Sho.

Senat hisobotidan yana bir xulosa shu ediki, 2016-yilda Internet Tadqiqot Agentligi deb nomlangan Rossiya tashkiloti “Facebook”, “Twitter”, “Instagram” va “YouTube”da minglab akkauntlar ochib, saylov natijasi Tramp foydasiga hal bo’lishi uchun kampaniya olib borgan.

“Facebook” vakili Monika Bikert Kongressda so’zlar ekan, bu yilgi saylovni aralashuvdan himoya qilish uchun choralar ko’ryapmiz, deydi.

“Facebook”ka qo’yilgan ma’lumotning soxtaligi aniqlansa, uning tarqatilishini keskin kamaytiramiz. Yoniga tegishli maqolalarni joylashtiramiz, toki odamlar bu xabar yolg’on deb baholanganini bilsin”, - deydi u.

Devion Petti Janubiy Karolina Universitetida talabalarga ijtimoiy tarmoqlardagi informatsiya bilan ishlashni o’rgatadi. Uning fikricha, bu gal vahimaga hojat yo’q.

“O’ylaymanki, 2016-yilgi saylovdan tegishli saboqlar oldik. Hozir bu masalaga odamlarning e’tibori oshgan”, - deydi u.

Ijtimoiy media kompaniyalarning bildirishicha, ayni paytda muvofiqlashtirilgan manipulyatsion kampaniyalarni aniqlash va yo’q qilish uchun xavfsizlik choralari ikki karra oshirilgan. Saylovchilar orasida ham internetdagi ma’lumotlarni, ularning manbaini tekshirishga e’tibor oshgani kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG