Anqara Doha bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qilar ekan, Turkiyaning Fors ko'rfazi davlatlari orasida vositachilik qilish imkoniyati deyarli yo'qolgan. Qatarni qo'shni davlatlar terroristlarni qo'llayotganlikda ayblab, rishtalarni uzgan. Ular Dohani Eron bilan zimdan hamkorlik qilayotganlikda ham gumon qiladi. Qatar bu da'volarni rad etmoqda.

Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr va Yamanni Qatar bilan yarashtirishga urinayotgan edi. Bu hafta u parlamentdan Qatarga 3000 askar yuborishga ruxsat berishni so'radi. Turkiya va Qatar kuchlari birga mashq qiladi, deydi Erdog'an.

Terrorizm umumiy dushman, terrorchilarni birga yo'q qilish lozim, deydi Turkiya prezidenti. O'tgan yili bu davlat Qatarda harbiy baza ochishga qaror qilib, 150-300 orasida zobit safarbar etgan. Hozirgi harakatlar mana shu sheriklikni kuchaytirishni ko'zlaydi.

Turkiya rahbari Erdog'an
Turkiya rahbari Erdog'an

Turkiya qaltis qadamlar qo'ymoqda, deydi mintaqadagi siyosatdonlar. Saudiya Arabistoni shu qadar g'azabdaki, Qatarga qarshi urush boshlashi mumkin. Turkiya o'zini bu mojaroning bir qismiga aylantirmoqda.

“Fors ko'rfazidagi iqtisodiy va moliyaviy jihatdan qudratli mamlakatlar bilan urushishdan Turkiya nima naf ko'radi"? - deya so'raydi Ali Fayik Demir, Galatasaray universiteti professori.

Anqara yetti o'lchab bir kesishi kerak, deydi olim.

“Turkiya Yaqin Sharqda tinchlikni ta'minlovchi liderga aylanmoqchi ekan, G'arb va Rossiya bilan aloqalarni ham hisobga olishi zarur. Qo'shnilar bilan totuv bo'lishi zarur. Musulmon dunyosidagi nufuzini qanday himoya qiladi"?

Qatar amiri Shayx Temim
Qatar amiri Shayx Temim

Kadir Has universiteti professor Serhat Guvench esa Qatar tezlikda hozirgi murakkab vaziyatdan chiqishi kerak, deb hisoblaydi. Uningcha, Turkiyaga ishonish ahmoqlik, chunki Anqara bu hamkorlikdan zarar ko'ra boshlasa, ahdidan qaytishi mumkin.

Biroq uning Qatar bilan sherikligi iqtisodiy manfaatlarga bog'liq. Amirlik hozirda Turkiyadagi yirik sarmoyadorlardan. O'tgan ikki yil ichida 19 milliard dollarga teng investitsiya kiritgan.

"Digiturk" va "Finansbank" kabi ulkan bizneslar hozir Qatarniki. Mudofaa sanoatida BMC kompaniyasi Qatar bilan qo'shma korxonaga aylangan. Qatar amiri Shayx Temim Turkiyada qimmatbaho mulklarga ega.

O'tgan yili tomonlar 700 million dollardan oshiq savdo qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG