Breaking News

BMT: 39 davlat Xitoyning uyg’urlarga nisbatan zulmini qoraladi


Germaniyaning BMTdagi elchisi Kristof Xoysgen
Germaniyaning BMTdagi elchisi Kristof Xoysgen

Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi G’arb diplomatlari Xitoyni uyg’urlarga zulm o’tkazayotgani hamda Gonkongda fuqaro erkinliklarini cheklagani uchun tanqid qildi.

“Biz Xitoyni inson huquqlarini, xususan, Shinjon va Tibetdagi diniy va etnik ozchilik guruhlar huquqlarini hurmat qilishga chaqiramiz”, - dedi Germaniya elchisi Kristof Xoysgen 39 mamlakat nomidan.

Shinjonda milliondan ortiq uyg’ur “qayta tarbiyalash” lagerlarida saqlanmoqda. Germaniya elchisi muxtoriyatda inson huquqlari qo’pol ravishda buzilayotgani to’g’risida xabarlar ko’payib borayotganidan tashvish bildirdi.

“Din va e’tiqod erkinligi, harakatlanish, uyushish, so’z erkinligi hamda uyg’ur madaniyati keskin cheklangan. Kuzatuv nishonida asosan uyg’urlar va ozchilikdagi boshqa guruhlar. Majburiy mehnat va tug’ilish ustidan nazorat, jumladan sterilizatsiya haqida ko’plab xabarlar kelmoqda”, - deydi Xoysgen.

Bayonot ketidan jurnalistlar bilan so’zlashgan Germaniya diplomati Xitoyni lagerlarni yopishga chaqirdi. O’tgan yili 23 davlat uyg’ur masalasida Pekinni qoralagan. Bu yili ular soni qariyb ikki baravar ko’paygani xavotir oshib borayotganini ko’rsatadi, deydi u.

"Qayta tarbiyalash" lagerlaridan biri
"Qayta tarbiyalash" lagerlaridan biri

Britaniya elchisi Jonatan Allenga ko’ra, Xitoy BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Mishel Bacheletning Shinjonni borib ko’rish iltimosini qondirishi lozim. Allen, shuningdek, Gonkongda 30-iyun kuni kuchga kirgan xavfsizlik to’g’risidagi yangi qonunni “hudud avtonomiyasiga, huquq va erkinliklarga oyoq bosish” deya qoraladi.

Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Dzyun o’z tanqidini AQShga qaratdi. Uning aytishicha, Xitoyning inson huquqlari bobidagi yutuqlari “keng jamoatchilik tomonidan tan olingan”. Vashington, deydi u, boshqalarni nishonga olishdan oldin “oynaga qarab”, o’z jamiyatidagi irqiy diskriminatsiyaga chek qo’yishi kerak.

“Millionlab amerikaliklar “nafas ololmayapman”, “qora tanlilarning hayoti ham muhim”, deb hayqirishdi", dedi Dzyun, Amerika shaharlarida ro’y bergan namoyishlarga ishora qilib.

Diplomat Prezident Donald Trampning koronavirus pandemiyasiga Xitoy sababchi ekani haqidagi ayblovlariga ham to’xtaldi.

“AQSh hukumati siyosiy virusni tarqatib, hamma joyda muammo tug’dirish o’rniga kasallarni davolash va odamlar hayotini saqlash bilan shug’ullansin”, - deydi Chjan Dzyun.

Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Dzyun o’z tanqidini AQShga qaratdi
Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Dzyun o’z tanqidini AQShga qaratdi

Aytish joiz, Xitoyni Gonkong masalasida 50 dan ortiq davlat, jumladan Eron, Shimoliy Koreya, Suriya va Venesuela qo’llab-quvvatladi. Shinjondagi choralar terrorizm va radikalizmning oldini olishga qaratilgani to’g’risidagi Kuba bayonotiga 45 mamlakat qo’shildi.

AQSh vakili inson huquqlari muhokama qilingan ushbu majlisda so’zlamadi, ammo Germaniya taqdim etgan bayonotga qo’shildi.

“Shinjondagi vaziyat va Gonkongdagi so’nggi o’zgarishlar Xitoy inson huquqlariga doir majburiyatlariga, o’z fuqarolari taqdiriga ochiqchasiga befarq ekanini ko’rsatib turibdi”, - deb yozdi AQSh elchisi Kelli Kraft Twitterda.

Hyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) huquq tashkilotiga ko’ra, 39 davlat bayonoti Xitoyning uyg’urlarga, Gonkong va Tibet xalqiga, huquqlari hurmat qilinishi uchun kurashayotgan oddiy xitoyliklarga nisbatan shafqatsiz munosabati uchun “qattiq tanbehdir”.

“BMT rahbariyati Xitoy bo’ylab og’irlashib borayotgan inson huquqlari ahvolini kuzatish va bu haqda hisobot berish uchun xalqaro mexanizm ishlab chiqishi darkor”, - deydi Hyuman Rayts Votch vakili Lui Sharbono.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG