O’tgan hafta Turkiyada ishlayotgan 10 mamlakat elchilari qo’shma bayonot tuzib, davlat to’ntarishiga harakatga qo’l urganlikda gumon qilinayotgan 64 yashar turk tadbirkori Usmon Kavalani qamoqdan ozod etishni so’rashi ketidan shanba kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bu diplomatlarni mamlakatdan haydashni buyurdi.
Kavala 2013-yil namoyishlarini moliyalaganlikda va 2016-yilda amalga oshmay qolgan davlat to’ntarishida qatnashganlikda ayblanmoqda, 2017-yilda qamoqqa olingan.
“Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga kelib, bizga buyruq berishga haqqingiz yo’q. Tashqi ishlar vaziriga bu 10 diplomatni persona non-grata deb e’lon qilishni buyurdim”, - dedi Erdog’an.
Gap Kanada, AQSh, Daniya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya elchilari haqida ketmoqda.
Qo’shma bayonotda ular Usmon Kavala ishini tez va adolatli hal qilishga chaqirgan. Shundan so’ng elchilar vazirlikka chaqirtirilib, harakatlarining mas’uliyatsiz ekani aytilgan.
O’tgan yili sud Kavaladan namoyishlarni moliyalash ayblovini olib tashladi, biroq yuqori sud bu qarorni bekor qilib, yangi ayblovlar qo’shgan.
Germaniya Erdog’an qarori yuzasidan xavotir bildirdi. Haydalayotgan 10 diplomatdan 7 nafari Turkiyaning NATOdagi ittifoqchi davlatlaridan.
Germaniya hukumati so’zlovchisi Steffen Sheybertning aytishicha, Turkiya hukumati bu borada hozircha rasmiy qaror qabul qilgani yo’q.
Bugun Erdog’an masalani Vazirlar mahkamasida muhokama qilgan. Majlisdan oldin AQSh va qolgan davlatlar bayonot chiqarib, Diplomatik aloqalar haqidagi Vena konvensiyasining 41-moddasiga, ya’ni mezbon mamlakat ichki siyosatiga aralashmaslik haqidagi qoidasiga sodiq ekanini ma’lum qilgan. Erdog’an ushbu bayonotlarga ijobiy munosabat bildirdi.
26-noyabr kuni Kavalani yana bir sud mahkamasi kutmoqda.
Facebook Forum