Suriyada yengilayotgan jihodchilar Turkiya uchun xavf

  • Amerika Ovozi

Suriyada siquv ostida qolgan "Islomiy davlat" va boshqa jihodchi guruhlar Turkiyaga qochishi mumkin. O'tgan bir necha yilda bu davlatda jihodchilar uyushtirgan hujumlarda 300 dan ziyod odam o'lgan. Hukumat xavfni bartaraf etishga kirishgan.

Suriyada "Islomiy davlat"ning minglab a'zolari bor. Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyatida jang qilayotganlar 10 mingdan oshiq.

21-asr Turkiya Instituti nomli tadqiqot markazi rahbari Haldun Solmazturk so'zlariga ko'ra, jihod, muqaddas urush ular uchun abadiy bir narsa.

"Nafaqat Suriya yoki Turkiya, balki butun dunyo islomiy xalifalikka bo'ysunmaguncha jang davom etadi. Bu odamlarga imkon berilsa bo'ldi", - deydi u.

Turkiyada eng qonli hujumlardan biri 2015-yilda Anqarada tinchlik namoyishi paytida ro'y bergan. Ikki kishi o'zini portlatib, 109 kishini o'ldirgan edi. O'tgan yili Istabul aeroportidagi portlashda 45 kishi halok bo'lgan. Xavfsizlik kuchlari bunday tahdidlarga tayyor ekani savol ostida.

"900 jihodchi Turkiyaga kirib kelgan. Ulardan hech kim hech narsa so'ragani yo'q, qamoqqa olgani yo'q", - deydi siyosatshunos Soli Ozel. Unga ko'ra, Avstriya pasportiga ega ikki nafari katta bir do'konni portlatishga harakat ham qilgan.

Hujumchilar avvalo bombalarni masofadan harakatga keltirib, odamlar qochayotganda suiqasd xurujlarini sodir etishni rejalagan. Xavfsizlik organlaridagi manbaga ko'ra, guruh kuzatuvda bo'lgan va uning barcha a'zolari qo'lga olingan.

"Bu gal xavfsizlik kuchlari va razvedka puxta ishladi. Jangarilar Turkiyaga kelayotgani katta muammo va hukumat buni biladi", - deydi Soli Ozel.

O'tgan yili Istanbuldagi tungi klubda 35 kishining hayotiga zomin bo'lgan otishma dunyo bo'ylab aks-sado bergan. O'lganlarning 27 nafari xorijiy fuqarolar edi. Voqea Turkiya turizm sanoatiga yana bir zarba bo'ldi.

Turk xavfsizlik kuchlari bu yili reydlarni ko'paytirdi. O'tgan bir necha hafta ichida mamlakat bo'ylab yuzlab odam hibsga olingan. Bu aholi orasida jihodchilarga xayrixoh odamlar borligini ham ko'rsatadi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, yaqin o'tmishda yuritgan siyosati Anqaraga qimmatga tushmoqda. Suriyadagi fuqarolar urushining ilk yillarida G'arb Turkiyani jihodchi guruhlarni jilovlay olmayotganlikda tanqid qilgan edi. Anqara Suriya hukumatiga qarshi kurashgan jangchilarni qo'llab-quvvatlagan, chegaradan kimlar o'tayotganiga e'tibor qaratmagan, deydi tanqidchilar.

Bir ma'noda, deydi tadqiqotchi Haldun Solmazturk, Turkiya bu harakatlari bilan o'zining qo'l-oyog'ini bog'lab qo'ydi, tuzoqqa tushdi. "Necha yildan buyon Turkiyada jihodchilar tarmog'i bor. Yaqin kelajakda uni yo'q qilish juda qiyin", deydi u.

Turkiya hozirda jihodchi guruhlarga qarshi kurashga zo'r bermoqda. Mintaqada barqarorlikni ta'minlash va minglab odam Turkiyaga o'tishini bartaraf etish uchun Suriyaning Idlib viloyatiga qo'shin jo'natilgan.

Yevropa davlatlari bu sa'y-harakatlar samara berishidan umidvor, chunki jihodchilarning ko'pi Yevropadan. Shu ma'noda Anqara o'zini ham, Yevropa davlatlarini ham terrorizmdan himoya qilayotganini eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG