Tramp va Erdog'an terrorga qarshi hamkorlik haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Tramp va Erdog'an Oq uyda, 16-may, 2017-yil

Seshanba kuni Prezident Donald Tramp Oq uyda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anni qabul qilib, Turkiyani islomiy ekstremizmga qarshi kurashda muhim ittifoqchi deb atadi.

“Bugun terrorga qarshi kurashda yangi dushman bilan yuzlashmoqdamiz va bu tahdidni birgalikda yengamiz", - dedi Tramp.

Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Turkiyaning "Islomiy davlat" to'dasi va Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) jangari guruhiga qarshi kurashida qo'llab kelgan.

Turkiya qurollangan suriyalik kurdlarning PKK bilan hamkorlik qilayotganini da'vo qilarkan, Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilayotgan bu guruhni qurol bilan ta'minlamoqchi. Erdog'an Tramp bilan uchrashuv chog'ida bu masalani ko'targan bo'lishi mumkin, biroq muloqotdan keyin matbuot oldida bayonot qilgan ikki rahbar mavzuni tilga olmadi.

Bayonotda Erdog'an AQShda 1999-yildan beri yashab kelayotgan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilish mavzusiga ham to'xtalmadi. Erdog'an bir vaqtlar ittifoqchisi bo'lgan bu tadbirkor va arbobni hamda u tashkil etgan "Xizmat" yoki "Jamoat" harakatini 2016-yil iyulida davlat to'ntarishi ortida turganlikda ayblaydi.

Kuzatuvchilar Trampning tashqi siyosati sobiq Prezident Barak Obamanikidan batamom farq qilishiga e'tibor qaratmoqda. Obama Erdog'an va Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy bilan iliq aloqada bo'lmagan. Erdog'an so'nggi bor Oq uyda to'rt yil oldin bo'lgan.

Tramp esa bu ikki rahbar hamda yaqinda AQShga tashrif buyurgan Xitoy Prezidenti Si Zinpin siyosatlarini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari o'tgan oy Turkiyada o'tgan referendumni tanqid qilgan bir paytda Tramp unga qo'ng'iroq qilib, g'alaba bilan tabrikladi.

Shu bilan birga, inson huquqlari tashkilotlari Amerika rahbarini bu mamlakatlarda inson huquqlari buzilishlariga ko'z yumayotganlikda, yuzma-yuz uchrashuvlarda ularni tanqid qilmayotganlikda aybladi.

Oq uy rasmiylarining aytishicha, Tramp xorijiy rahbarlarga o'z mamlakatida qanday siyosat yuritish kerakligi haqida aql o'rgatmoqchi emas, chunki bunday yondashuv boshqa sohalardagi hamkorlikni qiyinlashtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG