Breaking News

Turkiyada aholi va qochqinlar o'rtasida ziddiyatlar


Dunyoda eng ko'p qochqin Turkiyada yashaydi, ularning uch millioni suriyaliklar. Aksariyati shahar va qishloqlarda hayot kechiradi. Shu yili Turkiyada mahalliy aholi va suriyalik qochqinlar o'rtasida bir necha bor olishuvlar ro'y berdi. Qochqinlarga nisbatan munosabat keskinlashgan.

Turkiya: Qochqinlar sabab kelib chiqayotgan ijtimoiy muammolar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00

Yil boshida Istanbulda bir yigitning o'ldirilishi ketidan suriyalik qochqinlarga qarshi zo'ravonlik avj oldi.

Esenler viloyatida yarim million aholi yashaydi, 20 foizi qochqinlar. Istanbulning qashshoq mahallalari ham shu yerda. Mahalliy rasmiylardan biri Mustafo Guvenga ko'ra, integratsiya og'ir masala bo'lib qolmoqda.

"Yovuz xalq emasmiz. Suriyaliklarga imkon boricha yordam berayapmiz, nonimizni bo'lishyapmiz", - deydi u. - Ammo buni qadrlamaydigan odamlar bor. Yoshlar o'rtasida janjallar bo'lib turadi, albatta. Lekin suriyaliklar bosiqroq bo'lishi kerak. Har holda Turkiyada ular mehmon, ularga boshpana berganmiz".

"Ali" choyxonasida bo'layotgan suhbatlar mavzui ham qochqinlar. O'zan ismli sartarosh noroziligini yashirmaydi.

"Sabrimiz tugab borayapti, qarashlarimiz ham o'zgargan. Oxirgi besh yilda bizning shaharga ko'p sonda odamlar ko'chib keldi va ular soni o'sishda davom etayapti. Turkiya qochqinlar ehtiyoji uchun allaqachon 30 milliard dollar sarfladi. Yevropa bizga yordam berayotgani yo'q", - deydi O'zan.

"Nasim" sartaroshxonasining mijozlari asosan suriyaliklar. Uni ochgan Mahmud Al Ayan ham Suriyadan. 19 yoshida Turkiyaga kelgan. Sartaroshxonadan tashqari o'z restorani va kiyim-kechak fabrikasi bor. Ziddiyatlar oshib borayotganini u inkor etadi.

"Biz yashaydigan joyda turklar suriyaliklarga hujum qilganini ko'rmaganmiz. Hammayoq tinch. Biror hodisa ro'y bersa, turk politsiyasi darhol yetib keladi", - deydi Ayan.

Ammo Turkiya hukumati vaziyat tarang ekanini biladi. Istanbulning ayrim mahallarida suriyaliklar yuritayotgan bizneslarning arab tilidagi reklama va e'lonlari olib tashlangan. Mahalliy axborot vositalarida qochqinlar bilan bog'liq xabarlar tinmay yoritiladi. Yaqinda o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, Turkiya matbuotida Isroil va yahudiylardan keyin eng ko'p tanqidga uchraydigan jamoa bu suriyalik qochqinlardir.

Migrasiya masalalari bo'yicha ekspert Ahmet Ichtuyg'u so'zlariga ko'ra, qochqinlar Turkiya uchun muammo tug'dirayotgani rost.

"G'arb mamlakatlarida bo'lgani kabi Turkiyada ham bahslar avj olayapti. Qochqinlar ishimizni, imtiyozlarimizni tortib olishyapti, degan shikoyatlarni eshityapmiz. Migrantlarga hujumlar ko'payishini, diskriminatsiya va ksenofobiya kuchayishini kutavering", - deydi professor Ichtuyg'u.

Muxolif partiyalar deydiki, bo'lajak saylovlarda hukumatning qochqinlar bo'yicha siyosati obdon muhokama qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG