Trampning farmoni haqida nega Erdog'an jim?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan telefon orqali muloqot qilgan. Ma'lumki, Tramp yetti musulmon o'lkadan uch oy davomida AQShga hech kimni kiritmaslik to'g'risida farmon imzolagan.

Keskin bahslarga sabab bo'lgan bu masala hozir sudda ko'rib chiqilyapti. Ammo Erdog'an bu haqda og'iz ochgani yo'q.

Oq uy chiqargan qisqa bayonotda ikki prezident o'rtasida kechgan 45 daqiqali suhbat "samarali" deya ta'riflanadi. Erdog'an islomofobiya va musulmonlarga nisbatan adolatsizlik deb ko'rilgan har qanday xatti-harakatlarga qarshi odatda birinchilardan bo'lib gapiradi.

"Ammo bu safar Turkiya rahbari Tramp haqida biror bayonot bermadi", - deydi xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli O'zel. "Bundan ayonki, Anqara oraga sovuqchilik tushishini istamaydi. Tramp har qanday tanqidga darhol javob berishini ham bilishadi".

Turkiya Qo'shma Shtatlardan Suriyadagi kurd jangchilarga harbiy yordam bermaslikni so'rab kelmoqda. "Islomiy davlat" to'dasini Raqqa shahridan haydab chiqarish amaliyotlarida aynan kurdlar muhim rol o'ynaydi. O'tgan oy Pentagon kurdlarni o'z ichiga olgan koalitsiyaga harbiy mashinalar yetkazdi.

Bu esa Turkiyani xavotirga soladi. Anqaraning da'vosi shuki, Suriyadagi kurdlarning Kurdiston Ishchilar Partiyasi bilan tili bir. Turkiya hukumatiga qarshi kurashayotgan bu tashkilotni AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATO terrorchi deb hisoblaydi.

Tahlilchi Sinan Ulgenga ko'ra, Turkiya bilan aloqalar kelajagi Trampning qarorlariga bog'liq.

"Agar Tramp ma'muriyati kurdlarga qurol-aslaha yetkazishni davom ettirsa, Anqarani norozi qilishi aniq", - deydi u.

Rasmiylarning qayd etishicha, Tramp va Erdog'an Suriyaning Raqqa va al-Bab shaharlarini jangarilardan tozalashda hamkorlik qilishga kelishib olgan. AQSh Markaziy razvedka bosharmasi rahbari Mayk Pompeo 9-fevral kuni Anqaraga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Ma'lumotlarga ko'ra, kun tartibidagi mavzulardan biri - Fathulla Gulen. AQShda yashovchi turkiyalik imomni Turkiya vatanga qaytarishni talab qilmoqda. Erdog'an uni 2016-yilning yozida davlat to'ntarishini uyushtirishda ayblagan. Gulen bu iddaolarni rad etgan.

Ekspertlar fikricha, ekstraditsiya masalasi sudlarga havola va bu ishni ko'rib chiqish bir necha oyga cho'zilishi mumkin.

Ayni damda AQSh harbiylari "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Turkiya havo bazasidan foydalanib kelmoqda. Vashington, shuningdek, Anqarani Eronni jilovlashda muhim hamkor deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG