Breaking News

Qurbonguli Berdimuhammedov uchinchi muddatga saylandi


Turkmaniston prezidentligi uchun kurashgan nomzodlarning barchasi saylovda amaldagi Prezident Qurbonguli Berdimuhammedovga ovoz bergan. Dastlabki natijalarga ko'ra, Berdimuhammedov 98 foiz ovoz bilan g'alaba qilgan. Yana yetti yilga saylangan prezident xalqiga iqtisodiy farovonlik va'da qilmoqda.

Prezidentlik uchun 9 nomzod kurashishi mustaqil Turkmaniston tarixida ilk bor qayd etilayotgan ko'rsatkich, ammo bu ko'rsatkich demokratik qadriyatlarga o'tish emas, Berdimuhammedov diktaturasining navbatdagi “demokratiya o'yini” sifatida talqin qilinmoqda.

Turkmanistonda saylov 12-fevral kuni o'tdi. Qurbonguli Berdimuhammedovdan tashqari yana sakkiz muqobil nomzod unda ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasining 13-fevral kungi ma'lumotiga ko'ra, amaldagi rahbarga saylovchilarning 97,69 foizi ovoz bergan.

Turkman follariga ko'ra, poygada qatnashgan nomzodlarning barchasi Berdimuhammedov uchun ovoz bergan - ular aynan Berdimuhammedovga sodiqligiga qarab tanlab olingan.

Siyosiy qochqinlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsapar prezidentlik saylovi turkman diktaturasi umrini yana yetti yilga cho'zish uchun tashkil qilingani, bunga xalqaro jamoatchilik, aholi, prezidentlik uchun kurashgan nomzodlar ham shubha qilmasligini aytadi.

“Nomzodlar o'zlari uchun yoki boshqa birov uchun emas, faqat Berdimuhammedov uchun ovoz berishgan, chunki ular aynan qo'g'irchoq nomzodlar sifatida tanlab olingan. Ular muqobil nomzodlik vazifasini o'tab berishmoqda - xalqaro jamoatchilik, dunyo oldida Turkmanistonda muqobil nomzodlar ishtirokidagi saylovlar o'tdi degan narsani ko'rsatish uchun. Ammo hamma bu saylovning yolg'on ekanligini yaxshi biladi”, - deydi Velsapar.

Saylov arafasida bir guruh inson huquqlari tashkilotlari hamkorlikda bayonot tarqatishdi va xalqaro jamoatchilikni uning natijasini tan olmaslikka chaqirishdi.Bayonotda Turkmanistondagi rejim aholi huquqlari ommaviy toptalgan, muxolif qarashdagi odamlar qamoqxonalarda yo'qotilayotgan, dunyodagi eng ashaddiy diktaturalardan biri sifatida qayd etiladi.

Ak Velsaparga ko'ra, saylov diktaturani mustahkamlash uchun qo'yilgan navbatdagi qadam bo'ldi.

“Bir mamlakatda diktatura mustahkam o'rnashgach, turli dabdabali taqdimotlar o'tkazishni boshlashadi. To'qqiz nomzod ishtirokida saylov tashkil qilinishi ham shu qabilidan. Ular to'qqiz emas, 18 nafar ham bo'lishi mumkin edi, ammo bundan hech narsa o'zgarmaydi. Bu shunchaki mustahkam oyoqda turgan diktatura rejimining demokratiya o'yini, tantiqligi xolos”.

O'tgan yili Turkmaniston konstitutsiyasiga o'zgartirish kiritildi, prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga o'zgartirildi. 59 yoshli Berdimuhammedov endi o'z nomzodini cheklanmagan tarzda prezidentlikka ko'rsatishi mumkin.

Qurbonguli Berdimuhammedov 2007-yilda Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozovning to'satdan vafot etishidan so'ng hokimiyatga keldi. 10 yil davomida ikki bor prezidentlik saylovi o'tkazgan Berdimuhammedov boshqaruvi ostida Turkmaniston hamon dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri bo'lib qolmoqda.

G'alaba ortidan u turkmanistonliklarga farovonlik va'da qilmoqda.

“Berdimuhammedov istalgan narsani va'da berishi mumkin. Hokimiyatga kelgan ilk va'dalarini eslang, har bir oilaga internet, erkinlik va'da qilgan edi. Haqiqatda esa u hech qachon bergan va'dalarini bajarish haqida o'ylamaydi, Turkmanistonda bugun ham internet xizmati eng dolzarb muammo. Uning hozirgi va'dalari ham puch, shunchaki saylovchilarni, xalqni laqillatish uchun. U bajargan yagona va'da o'z oilasini boyitishi bo'ldi”, - deydi Ak Velsapar.

Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, 97 foizdan ko'proq saylovchilar ovoz berishgan, saylov jarayonida qonun buzilishlari qayd etilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG