Breaking News

Jeneva muzokaralari oldidan Ukraina sharqida vaziyat qaltis


Ukraina sharqidagi Slavyansk shahrida qurollangan odamlar Rossiya bayroqlarini ko’tarib, zirxli mashinalarda ko’chalarni kezayapti. Ayrimlari o’zini namoyishchilar safiga qo’shilgan ukrain askarlari deb tanishtiradi.
Jeneva muzokaralari oldidan Ukraina sharqida vaziyat qaltis/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:39 0:00
Yuklab oling

Ukraina maxsus kuchlari ularga qarshi aksil-terror operatsiya olib bormoqda, ammo Rossiya nazarida Kiyevning qarorlari noqonuniy. Qo’shma Shtatlar Ukrainaga noharbiy yordam berish ustida o’ylanmoqda.

Ukraina muvaqqat hukumati ilk bor sharqiy hududlarga harbiylarni safarbar etdi. Donetsk osmonida qiruvchi samolyotlar…

Kramatorsk shahri yaqinidagi harbiy baza uzoq otishmadan so’ng rusparast isyonchilardan tortib olindi. Talofat ko’lami haqida aniq ma’lumot yo’q. Mahalliy aholi harbiy operatsiyadan g’azabda.

Slavyansk shahri referendum talab qilayotgan, Rossiyaga moyil qurollangan to’dalar nazoratida ekan, undan 40 kilometr narida yuzlab askarlar va vertolyotlarni ko’rish mumkin. Namoyishchilar kurashga tayyor ekanini aytadi.

“Biz o’zimizni, ona yerimizni himoya qilayapmiz. Bizga qarshi milliy gvardiyani yuborishyapti, ular kimni o’ldiradi bu yerda? Terroristlarnimi? Peshanamda terrorist deb yozib qo’yibdimi?”, - deydi Oleksiy ismli kishi.

Ukraina prezidentligi uchun nomzod Yuliya Timoshenko mamlakatni urush iskanjasida deb tasvirlaydi.

“Rossiya agressiyasiga munosib javob berish uchun milliy harakat boshladik. O’zi va farzandlari uchun kurashishga tayyor barcha vatandoshlarni unga qo’shilishga undaymiz”, - deydi Timoshenko.

Kreml Ukraina sharqidagi to’polonlarga aloqasi borligini inkor etadi. Fuqaro urushi boshlanyapti u yerda, deydi rus mulozimlari.

Mintaqa markazi Donetskda Rossiya tarafdorlari Ukraina boshlagan harbiy operatsiyani qoralaydi. Odamlarni ruhlantirish uchun sovet davriga xos harbiy qo’shiqlar yangraydi. Qon to’kilishi mumkinligini hamma yaxshi tushunadi.

Ukraina, deydi Tamara ismli ayol, sun’iy ravishda yaralgan bir mamlakat. “Shunday tarixiy chorrahaga keldikki, birga yashay olmasligimiz ayon. Bu muammoni referendum bilan ham hal qilib bo’lmaydi endi”, - deydi u.

Kiyevdagi muvaqqat rahbarlar sharqdagi g’alayonlarga ehtiyotkorlik bilan javob berayapti. Maqsad Ukraina yaxlitligini saqlab qolish, Rossiya qo’shinlari yana kirib kelishining oldini olishdir.

Shu hafta Rossiya, Ukraina va G’arb davlatlari ishtirokida Jenevada muzokara rejalangan. Namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilsa, Rossiya unda qatnashmaydi, deydi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

“O’z xalqiga qarshi tanklarni yuborib, bir paytning o’zida muzokara olib borish mantiqsizlik”, - dedi Lavrov Xitoyga safari chog’ida.

Ukrainadagi voqealarni panadan kuzatib kelgan Xitoy bayonot bilan chiqdi.

“Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Ukraina ko’p tomonlama muzokara tomon harakat qilayotgani ijobiy hol. Masalani tinch yo’l bilan hal qilish zaruriyatini boshidan uqtirib kelayapmiz”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Vang Yi.

Pekinda yangragan bayonotlar shundan dalolatki, G’arbdan aynigan Rossiya Xitoy bilan aloqani mustahkamlamoqda. Kelasi oy prezident Vladimir Putin bu davlatga safar qiladi.

Sharhlovchilar nazarida Ukraina mojarosi Xitoy uchun diplomatik jabhada o’ziga xos sinov bo’ldi. Qrim Rossiyaga qo’shib olinishini qoralovchi rezolyutsiya BMTda ovozga qo’yilganida Xitoy betaraf pozitsiyani egalladi. Natijada Rossiya Xavfsizlik Kengashida yakkalanib qoldi, lekin Xitoy AQSh va Yevropaning yonini oldi deb ham bo’lmaydi.

Tahlilchi Jonatan Polak Pekin qarorlarini shunday izohlaydi:

“Bir tarafdan, Ukraina Xitoydan juda yiroq va shuning uchun strategik manfaatlari doirasiga kirmaydi. Boshqa tarafdan, Rossiya Xitoy doimo jar solib kelgan tamoyillarni oyoq osti qildi, ya’ni o’zga davlat suverenitetiga hurmat, ichki ishlarga aralashmaslik va hokazo”.

Qrim mojarosi ketidan Xitoy ham Osiyoda hududiy tortishuvlarni kuch bilan hal qilishga kirishadi degan xavotirlar yo’q emas. AQSh Davlat kotibi muovini Daniel Rassel fikricha, xavotirga o’rin yo’q, chunki Rossiya qilmishlari uchun qanchalik sanksiyalar ostida qolganini Pekin ko’rib turibdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG