Breaking News

Nazarboyev Shimoliy Koreyaga: atom maqsadlaridan qayting

  • Amerika Ovozi

Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev Shimoliy Koreyani atom maqsadlaridan qaytib, uning davlati tanlagan yo'ldan borishga undadi. Yadroviy arsenal hech kimni farovonlikka yetaklamaydi, deydi Nazarboyev. Pxenyan bilan til topishish uchun, deydi u, AQSh, Xitoy va Rossiya orasida ishonch shakllanishi kerak. Qozog'iston ayni damda BMT Xavfsizlik Kengashi raisi va bu organning ikki yillik a'zosi. Bugun Nazarboyev Nyu-Yorkda uning majlisini boshqardi.

Pxenyanga agressiyaga qarshi kafolat berilishi kerak, deydi Nazarboyev. Yadroviy qurollarga ega mamlakatlarning hammasi Shimoliy Koreyaga hujum qilmaslikni va'da qilsa, deydi u, bu mamlakat rahbariyati muzokaraga kirishi mumkin. Aks holda u xalqaro hamjamiyatga ishonmaydi.

Bugungi majlis ommaviy qirg'in qurollari tarqalishining oldini olishga qaratildi.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli deydiki, Shimoliy Koreya, Eron va Suriya hukumatlari global tinchlikka tahdid solmoqda. Ular o'z xalqi huquqlarini poymol etib, mintaqaviy mojarolarni qo'zgatib, terrorist va jangalarilarni moliyalab, hammaning barqarorligini xavf ostiga qo'ymoqda, deydi Vashington vakili.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli, Nyu-York, 18-yanvar, 2017
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli, Nyu-York, 18-yanvar, 2017

"Eron, masalan, Bashar al-Assad singari qotillar, terroristlar, proksi jangarilarni quvvatlamoqda", - deydi Heyli.

Rossiya shu paytgacha Suriyaga qarshi uch rezolyutsiyaga veto qo'ygan. Bunday buzg'unchilik bilan, deydi Heyli, BMT biror chora ko'ra olmaydi. Assad o'z xalqiga nisbatan kimyoviy qurollar ishlatsa ham, deydi diplomat, dunyo ahli unga qarshi tura olmaydi.

Rossiya esa Tramp ma'muriyatini ayblaydi. Shimoliy Koreyaga doimiy tahdid qilib, uning sabr kosasini to'ldirayotgan aslida Vashington, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev, Nyu-York, 18-yanvar, 2017
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev, Nyu-York, 18-yanvar, 2017

Lavrov Amerikani xalqaro diplomatiya yo'lida asosiy to'siq deb atadi. Eron bilan qilingan kelishuvni ham buzmoqchi, deydi u, Oq uyga ishora qilib.

Kreml vakiliga ko'ra, Moskva va Pekin ko'p masalalarda kelisha oladi, lekin Vashington haqida bunday deyish qiyin.

Lavrov Iroq va Suriyada kimyoviy terrorizm avj oladi deya xavotirda. Bunda ham Rossiya G'arbni ayblaydi. Amerika va Yevropa Ittifoqi hukumatlarni ag'darishga bel bog'lagan guruhlarni zimdan quvvatlaydi, deydi Kreml.

Prezident Nazarboyev va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Nyu-York, 18-yanvar, 2017
Prezident Nazarboyev va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Nyu-York, 18-yanvar, 2017

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish deydiki, tashkilot xolis vositachi rolini tiklab, diplomatik yechimlarni olg'a surishi kerak. Koreya yarimorolida muzokara boshlangani xalqaro hamjamiyatga umid bermoqda, deydi u.

Sovuq urush davridan beri jahonda atom qurollari yuzasidan bunchalik qo'rquv hukmron bo'lmagan, deya so'zladi Guterrish. U ham, Nazarboyev singari, AQSh va Rossiyani do'st bo'lishga undadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG