Ko’k rang azaldan kamyob va qimmatbaho rang hisoblangan. Afg’onistonda olti ming yil oldin uni lojuvard toshidan, Yaqin Sharq va Xitoyda misni boshqa elementlarga qorishtirish natijasida olishgan. Mezoamerika hududida esa qadimiy maya xalqi ko’k rangni olish uchun binafsha rangli o’simliklar ekstraktini loy va yelimga qorishtirgan. Ko’k haligacha shohona rang hisoblanadi. Sanoat davriga kelib bu rangni olish ommaviylashgan. Sharqiy Yevropada asrlar mobaynida matolarni ko’k rangga bo’yash an’anasi haqida hikoya qilamiz.
Chexiyadagi “Bluprint” sexi Markaziy Yevropada matolarga ko’k rang berish bilan shug’ullanadigan oz sonli ustaxonalardan biri. Sex Danzingerlar oilasiga qarashli bo’lib, ular matoni qadimiy uslubda, qo’lda bo’yaydi.
Yiri Danzingerning aytishicha, uslub avloddan-avlodga o’zgarishsiz o’tib kelmoqda.
“Bo’yash texnologiyasi o’zgarmadi, odamlar o’zgardi. Uskunalarimiz, rang berish usulimiz o’sha-o’sha. Ota-bobolarimiz qoliplarni qanday qo’llagan bo’lsa, biz ham shunday ishlatamiz”, - deydi u.
Chexiya, Slovakiya, Avstriya, Germaniya va Vengriya YUNESKOdan an’anani tashkilotning Nomoddiy madaniy me’ros ro’yxatiga kiritishni so’radi.
Kiyimlarga naqsh tushirishda qo’lda yasalgan turli shakldagi yog’och qoliplar ishlatiladi. Naqsh va bo’yoqlar tabiatdan olinadi.
Kiyimlarni bo’yashdan oldin asosiy rang matodagi naqshga o’tmasligi uchun naqsh yo’liga maxsus pasta suriladi.
Ko’k rangning och yoki to’qligi matoni bo’yoqqa necha marotaba botirishga bog’liq.
Chexiyadagi “Bluday” muzeyi xodimi, etnograf Linda Reydmar bu uslub XVIII-XIX asrlarda Yevropaning ma’lum hududlarida keng tarqalganini aytadi.
“Ko’k rangga bo’yash texnologiyasi XVI asrdayoq paydo bo’lgan va rang o’smadan olinar edi. Keyinchalik binafsha rangli o’simliklar kashf etilishi bilan matoni bo’yash ham osonlashdi, ham arzonlashdi”, - deydi u.
Markaziy Yevropaning ko’k rangga bo’yash texnologiyasi qatorida YUNESKOning Nomoddiy madaniy me’roslari ro’yxatiga dunyodagi ko’plab boshqa an’anaviy hunardmandchilik uslublari ham kiritilgan. Danzinger buning natijasida sayyohlarni jalb qlish, oilaviy biznes yana bir necha avlod davom ettishiga umid qilmoqda.
Facebook Forum