Breaking News

AQSh-Afg'oniston strategik hamkorligiga doir muzokaralar to'xtab qolgan


Afg'onistonda AQShga qarshi namoyishlar
Afg'onistonda AQShga qarshi namoyishlar

Xalqaro qo'shinlar Afg'onistondan 2014-yil oxirigacha chiqishi kutilar ekan, Qo'shma Shtatlar bu davlat bilan strategik hamkorlikka doir bitim imzolamoqchi, ammo shartnoma bo'yicha muzokaralar boshi berk ko'chaga kirib qolgan.

Tomonlar AQSh yuritiyotgan qamoqxonalarni afg'on xavfsizlik kuchlariga topshirish va NATOning tungi reydlari bo'yicha kelisha olmayapti.

Prezident Hamid Karzay alyansdan reydlarni bas qilishni so'ramoqda, biroq AQSh harbiylari nazarida aynan tungi amaliyotlarda ko'plab jangarilarni qo'lga olishga muvaffaq bo'linmoqda.

Qo'shma Shtatlar nazorati ostidagi qamoqxonalarni mezbon tomonga topshirmoqchi emas. Xavotir shuki, afg'on hukumati ularni xalqaro standartlarga ko'ra yuritishga tayyor emas.

Bu o'rtada Afg'onistonda AQShga qarashli Bagram harbiy bazasi darvozasi yonida bir odam o'zini portlatib, kamida ikki afg'onni o'ldirgan, to'rt kishi yaralangan. Tolibon xuruj uning ishi ekanini aytib, bir necha hafta ilgari bazada Qur'on nusxalari yoqilgani uchun qasos dedi.

Bazada Qur'ondan tashqari yana bir necha diniy kitoblarning yoqilishi mamlakat bo'ylab norozilik namoyishlarini avj oldirdi. Shu kungacha 30 odam o'lgan, AQSh-Afg'oniston munosabatlariga sovuqlik tushdi.

Prezident Barak Obama voqea bo'yicha uzr so'rab, AQShdagi ayrim konservativ siyosatchilar va sharhlovchilar tanqidiga uchradi.

NATO kuchlarining Afg'onistondagi qo'mondoni general Jon Allen nazarida Obama uzr so'rab, to'g'ri ish qildi, ko'p odamlarning hayoti saqlab qolindi. NATO voqea bo'yicha tergovini hali yakunlamagan.

Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, bazadagi qamoqxonada saqlanayotgan mahbuslar kitob maktub yuborib, bir-biri bilan aloqani ushlab turgani ayon bo'lgach, adabiyotni yoqish buyurilgan. Ammo AQSh askarlarining aytishicha, ular kitoblar orasida Qur'on bo'lganidan xabari bo'lmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG