Breaking News

AQSh va Pokiston Afg'oniston bobida hamkorlikni kuchaytirmoqda


Pokistonning Bannu shahrida xuruj, Tolibon uni o'z bo'yniga olgan. 10-dekabr, 2012-yil
Pokistonning Bannu shahrida xuruj, Tolibon uni o'z bo'yniga olgan. 10-dekabr, 2012-yil
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta bugun Kobulda bo’lib, 2014-yildan so’ng Afg’onistonda qancha qo’shin qolishini muhokama qilgan. Yaqinda AQSh, Afg’oniston va Pokiston rasmiylari mudofaa va mintaqaviy xavfsizlikni oshirish xususida muzokara qilgan.

Ayrim tahlilchilar nazarida bu davlatlar vaziyat izdan chiqishidan tashvishlanib, hamkorlikni kuchaytirishga kirishgan.

Xavotir shuki, AQSh harbiylari va xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni 2014-yilda tark etganidan so’ng Tolibon zo’r berib, zo’ravonliklarning kuchayish ehtimoli bor. Shu sabab Vashington va Islomobod o’rtasida yuqori darajali muzokaralar boshlangan.

Pokistonlik senator Mushohid Husaynning aytishicha, muloqot ikki tomonlama munosabatlar yaxshilanayotganidan dalolat.

"Afg’oniston bobida Pokiston bilan ma’lumot almashilyapti. Qo’shma Shtatlar Islomobodni Afg’onistondagi tinchlik jarayonining ajralmas qismi deb ko’rishni boshladi", - deydi qonunchi.

Afg’onistondagi vaziyatga o’z ta’sirini o’tkazish uchun o’tmishda jangari guruhlar bilan hamkorlik qilgan Pokiston armiyasi qo’shni davlatga nisbatan pozitsiyasini kuchaytirishda endi AQSh bilan aloqalarga tayanmoqda.

Vashingtondagi Vudro Vilson nomidagi tahliliy markaz xodimi Simbal Xonning aytishicha, Islomoboddagi siyosatchilar Afg’onistonda vaziyat yomonlashsa, Pokistonga ham jiddiy ta’sir qilishini tushunib yetgan.

"Pokiston AQSh bilan muloqotdan qochmay, o’z ishini bitiravergani ma’qul. Albatta, munosabatlarda farqli qarashlar bo’ladi, ba’zida keskin farqli. Masalan, Afg’oniston bo’yicha. Ammo murosa topib, hamkorlik qilsa bo’ladi", - deydi Simbal Xon.

AQShning Afg’oniston bo’yicha 2014-yildan keyingi rejasiga ko’ra, xalqaro kuchlar chiqqanidan so’ng mamlakatda AQShning bir necha ming qo’shini qolib, afg’on xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi bilan shug’ullanadi. Ayrim tahlilchilar taxminicha, ular orasida maxsus bo’linmalar va Markaziy razvedka boshqarmasi agentlari ham bo’lib, ular terrorga qarshi amaliyotlarga javob beradi.

AQSh nishonga olayotgan yetakchi toliblarning aksariyati Afg’oniston-Pokiston chegarasida jon saqlamoqda. Tahlilchi Simbal Xonning aytishicha, Pokiston xalqaro qo’shinlar chiqquniga qadar Tolibon bilan tinchlik bitimi tuzilmasa, jangari xurujlari ko’payishidan xavotirda. Natijada Amerika ularni Pokiston hududida nishonga olishi mumkin.

"Shunday bo’lgan taqdirda AQSh-Pokiston aloqalari sovib, yana eski holga qaytadi. Pokiston hamkor emas, nishonga aylanadi. Hamma muammo ham shunda", - deydi mutaxassis.

Pentagonning so’nggi hisobotiga ko’ra, jangarilar Pokistondagi bazalaridan turib, Afg’onistonda xurujlar qilishda davom etmoqda.

O’tmishda Islomobodni o’z hududida jangarilarga qarshi kurashda ojizlikda ayblagan AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta bu hafta o’zgacha fikr bildirgan. Uning aytishicha, Pokiston aksil-terror harakatlarini kuchaytirishga dadil kirishishga so’z bergan.

Tahlilchi Imtiyoz Gul fikriga ko’ra, xalqaro hamjamiyat va Islomobod afg’on masalasida o’zaro hamkorliksiz olg’a qadam tashlay olmasligini tushunib yetdi.

"Pokistonni chetlab bu ishni uddalab bo’lmaydi. Islomobod ham bu masalada uzoq muddatli hamkorlik orqali o’ziga foyda olishini anglamoqda", - deydi Gul.

Pokiston rasmiylari yaqinda Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligida yuqori lavozimli mulozimlar bilan bir necha bor uchrashdi. Kobul iltimosiga ko’ra, bir necha tolibni qamoqdan ozod etdi, ikki davlat qonunchilari ham muzokara qilmoqda.

Biroq tahlilchilarning xavotir olishicha, AQSh, Pokiston va Afg’oniston orasidagi munosabatlar hali xom bo’lib, vaziyatga qarab, o’zgarishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG