Breaking News

AQSh Afg'oniston va Pokistonni ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikka chaqirmoqda


Kobul aeroporti darvozasida portlashdan so'ng, 10-avgust, 2015-yil
Kobul aeroporti darvozasida portlashdan so'ng, 10-avgust, 2015-yil

Qo'shma Shtatlar Afg'oniston va Pokiston hukumatlarini ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikka chaqirmoqda.

So'nggi kunlarda Tolibon Afg'onistonda bir necha qonli xurujlar uyushtirib, hukumat bilan bir necha hafta oldin Pokistonda boshlanib, so'ng to'xtab qolgan tinchlik muzokaralarini xavf ostiga qo'ydi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSh Pokistonning qo'shni mamlakatdagi xurujlarga aloqadorligiga doir razvedka ma'lumotlariga ega emas.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani o'tgan haftadagi va kechagi xurujlarda Pokistonning qo'li bor, degan.

“Siyosiy yarash jarayonining jonlanishini istaymiz. Tinchlik bo'lishini xohlaymiz. Yaqinda bo'lib o'tgan muzokaralar hammani ancha ruhlantirgan edi. Jarayonning davom etishini istaymiz", - dedi Jon Kirbi.

Islomobodda 7-iyul kuni o'tgan muzokaralarda AQSh va Xitoy rasmiylari kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

Afg'on hukumati va Tolibon o'rtasidagi muzokaralarning ikkinchi davrasi 31-iyulda boshlanishi kerak edi, biroq Tolibonning ko'p yillik rahbari Mulla Umarning ikki yil oldin o'lgani haqida xabarlar tarqalgach, toliblar muzokaradan chiqdi.

Afg'oniston rahbarining aytishicha, hukumat Tolibon bilan yarash jarayonini o'zi uyushtiradi.

"Bizga Pokistonning bu ishda yordami kerak emas. Islomobod Afg'onistonga hujum qilayotganlarga qarshi chora ko'rsa bas", - dedi Ashraf G'ani kechagi chiqishida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG