Breaking News

Elchi: AQSh Afg'onistondagi missiyasini oxirigacha davom ettiradi


Oq uyning Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasida jiddiy o'zgarish yuz berdi. Ishni tugatish uchun qancha vaqt kerak bo'lsa, shuncha vaqt AQSh yordam beradi, dedi mamlakatdagi missiyasini tugatayotgan AQSh elchisi.

Afg'onistonda bir yil elchilik qilgan Xyugo Lorensning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, biror ishni tugatish uchun aniq muddat qo'yishga asoslangan eski strategiya dushmanga AQSh kuchlarining rejalari haqida oldindan taxmin qilish imkoniyatini bergan.

Unga ko'ra, Prezident Trampning shartlarga asoslangan yondashuvi bugungi vaziyat uchun yaxshiroq.

"Amerika Ovozi"ning Vashingtondagi idorasiga tashrif buyurgan Afg'oniston Bosh ijrochisi Abdulla Abdulla ham elchi fikriga qo'shiladi. Aniq muddatning qo'yilishi Tolibon va boshqa ekstremistik guruhlarga vaqtdan yutib, kerakli paytlarda qayta bosh ko'tarish va shu yo'l bilan AQSh erishgan yutuqlarni yo'qqa chiqarish imkoniyatini berdi, deydi u.

Abdullaga ko'ra, xavfsizlik hanuz muammo bo'lsa-da, Tolibon rejimining ag'darilishi millionlab afg'onlar hayotini yaxshiladi.

Tolibonning kuchayishi

So'nggi bir yil ichida Afg'oniston hukumati, asosan, shahar hududlarni himoya qilishga e'tibor bergani bois Tolibon qishloqlarda yanada ko'proq joylarni o'z nazorati ostiga oldi. Ammo, deydi elchi Lorens, guruh afg'on xalqi ongini zabt etishni uddalay olgani yo'q. Osiyo jamg'armasi o'tkazgan so'nggi so'rovga ko'ra, aholining faqat besh foizi Tolibonni qo'llab-quvvatlaydi.

"Agar aholi bo'yicha hisoblasangiz, Tolibon hanuz mamlakatning juda kichik qismini nazorat qiladi. Bu ularning muammo emasligini anglatmaydi, albatta. Barchamiz haqiqatni bilamiz. Odamlar ulardan charchagan. Ular mamlakatga o'lim va buzg'unchilik olib kelyapti", - deydi Lorens.

U Pokistonni tinchlik o'rnatish jarayonida faolroq ishtirok etishga da'vat etdi.

"Tolibon qo'shni Pokistondan yordam oladi. Tolibon yetakchilari Pokistonda, ularning bazalari ham Pokistonda. Yuklari, qurollari, o'q-dori va madrasalarda radikallashgan ko'plab yosh a'zolari ham katta miqdorda Pokistondan keladi", - dedi AQSh elchisi.

Pokiston terrorchilarga yordam berayotgani haqidagi da'volarni Islomobod rad etadi. Shunga qaramay, Tramp ma'muriyati Islomoboddan jangari guruhlar muammosini hal qilishda faolroq bo'lishni talab qilmoqda.

Afg'oniston Bosh ijrochisi Abdulla ham Afg'onistondagi beqarorlik uchun Pokistonni aybladi.

Bundan tashqari, mamlakatda "Islomiy davlat" guruhi tomir yozmoqda. Suriya va Iroqda mag'lubiyatga uchrayotgan terrorchi to'da endi Afg'onistonda kuchayishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Tolibon va "Islomiy davlat" o'rtasidagi farq

Abdullaga ko'ra, Tolibon va "Islomiy davlat" o'rtasidagi tafovutni aniqlash qiyin, chunki ularning mafkurasi, islomni buzib ko'rsatishi va zo'ravonlikka qo'l urush yo'llari bir-biriga yaqin. IShID ayrim maxsus hududlarda faol va ular tarkibida xorijlik jangarilar ko'proq, dedi Afg'oniston rasmiysi.

Asosiy farq shundaki, deydi Lorens, Tolibon bilan murosa yo'lini umid qilsa bo'ladi.

"IShID bilan kelishishning yo'li bor, deb o'ylamayman. Yagona yo'li - ular bilan kurashish. Afg'onistonlik hamkorlarimiz bilan bizning maqsadimiz IShIDni tor-mor etish, uni Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasidan butunlay yo'q qilish", - dedi AQSh elchisi.

Pokiston Tramp ma'muriyatining Afg'oniston tinchlik jarayoniga Hindistonni ham jalb etish strategiyasidan norozi.

Abdullaga ko'ra, Hindiston Afg'oniston ta'limi, infratuzilmasi va energiya taraqqiyoti loyihalari uchun ikki milliard dollardan ortiq yordam bergan. O'zaro savdo hajmi ham ortmoqda. Yaqinda Afg'oniston mollarini Hindistonga tashish uchun havo transporti yo'lga qo'yildi.

AQSh o'z navbatida Eron va Rossiyaning Tolibon bilan aloqalari kuchayayotganidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG