Breaking News

Klinton: Birmadan sanksiyalarni olib tashlashga erta


Birma prezidenti Teyn Seyn, Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton
Birma prezidenti Teyn Seyn, Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton

Birmaga safar qilayotgan Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton bu yurtni Shimoliy Koreya bilan har qanday harbiy va yadroviy rishtani uzishga undadi.

Sanksiyalar olib tashlanishi uchun hali ko’p ish qilinishi lozim, dedi u. Bu AQSh bosh diplomatining oxirgi yarim asrda Birmaga ilk tashrifi.

“Xalqaro hamjamiyat ommaviy qirg’in quroli tarqalishiga qarshi kurashda yakdil. Birma hukumati AQSh bilan aloqani yaxshilamoqchi bo’lsa, yadroviy quroldan va bu yo’lda izlanayotgan davlatlardan chetroq yurishi lozim”, - dedi Klinton.

U Birmaga moliyaviy jihatdan, sog’liqni saqlash va qoradoriga qarshi kurashda yordam haqida gapirdi. Mamlakat reforma o’tkazishda davom etsa, Qo’shma Shtatlar qo’llab-quvvatlovi ham oshadi, dedi diplomat.

Uning aytishicha, uzoq yillik tanaffusdan so’ng Amerika elchisi Birmaga qaytishi mumkin. 1988-yilda namoyishlar kuch bilan bositirilgach, 1990-yilgi saylovlar natijasi bekor qilingach, AQSh elchisini chaqirib olgan edi.

Harbiylar 1962-yilda demokratik yo’l bilan saylangan hukumatni ag’darganidan beri Amerika tashqi ishlar vaziri bu yurtga qadam bosmagan. Tanqidga uchragan 2010-yilgi saylovda davlat tizgini oddiy fuqaroga topshirilganday bo’ldi.

Ko’p o’tmay esa matbuot ustidan nazorat sustlashib, 200 dan ziyod siyosiy mahbus qo’yib yuborildi, namoyishlarga ruxsat berilib, oppozitsiya yetakchisi Au San Su Chi bilan muzokara boshlandi.

Holbuki, Birmada aynan inson huquqlari ayovsizlarcha poymol etilgani bois AQSh va g’arb davlatlari harbiy boshliqlarni sanksiya bilan jazolagan edi.

Su Chi hayoti:

Prezident Obama oy boshida Birma haqida alohida to’xtalgan, yanvarda hokimiyatga kelgan kuchlarning dastlabki ijobiy qadamlaridan mamnuniyat bildirgan.

Uning aytishicha, Birma hukumati demokratiya tomon qat’iy qadam tashlashda davom etsa, Vashington eshiklarini ochishi aniq, aksi bo’lsa, sanksiyalar kuchayadi.

Janubiy Koreyada to’xtab o’tgan Klinton Birma hukumatining siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish istagi haqiqiy-haqiqiy emasligini aniqlab olmoqchi ekanini ta’kidladi.

“O’zgarishlar xalq foydasiga ega ekanini bilish umididamiz”, - dedi Klinton. “Qo’shma Shtatlar bu siyosiy, huquqiy islohotlarni qo’llab-quvvatlash niyatida”, - deydi u.

Klinton prezident Teyn Seyn bilan ko’rishdi. Birma rahbari nazarida bu tashrif aloqalarni jonlantirishi aniq.

Vazira bugun Rangunda Aun San Su Chi bilan ham gaplashgan. Oppozitsiya yetakchisi, Nobel mukofoti sovrindori 15 yillik qamoq jazosidan bir yil oldin ozod qilingan edi. U Birmaga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlashga qarshi.


Navbatdagi parlament saylovlarida qatnashish niyatim bor, deydi Au San Su Chi. Uning Demokratiya milliy ligasi partiyasi 1990-yilgi saylovlarda ishonchli g'alaba qozongan edi, lekin harbiylar natijani tan olishdan bosh tortgan.

Tahlilchilar yuzlab siyosiy mahbus panjara ortida qolayotganini eslatadi. Harbiylar bosimi, qotillik va jinsiy zo’rlashlar davom etmoqda, deydi ular. Birma hukumati rosti bilan haq yo’lini tanlaganini isbotlashi, buning uchun vaqt o’tishi kerak, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG