Breaking News

Amerika-Xitoy munosabatlari: Orani ochiq qilib olish payti yetgan


Amerika-Xitoy munosabatlari: Orani ochiq qilib olish payti yetgan
Amerika-Xitoy munosabatlari: Orani ochiq qilib olish payti yetgan

Qo’shma Shtatlar va Xitoy, savdo-sotiq va global tinchlikni saqlashda bir-biriga tayanuvchi ikki davlat, raqobatchilikdan voz kechib, imkon qadar yaqinroq hamkorlik qilishi zarur.

Xitoy delegatsiyasining Vashingtonga tashrifi oldidan ana shunday bayonotlar yangramoqda.

Aksar tahlilchilar AQSh-Xitoy munosabatlarini murakkab deb ta’riflaydi. 2010 yil bunga yaqqol misol edi.

Xitoy harbiy va iqtisodiy quvvatga to’lib borayotgani bir kun kelib Qo’shma Shtatlar bilan mojaroga yetaklashi tayin, deya bashorat qiladi ayrim tahlilchilar.

Ammo AQSh rasmiylari ikki qudratli davlat o’rtasida manfaatlar to’qnashuvi kuchayib boraveradi, degan qarashlarni inkor etadi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, AQSh strategiyasi uch qirrali.

“Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan yaqinroq ishlashni, Xitoy bilan aloqalarda ishonchni oshirishni hamda iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik bobida imkon qadar yaqinroq hamkorlik qilishni ko’zlaydi”.

Pekin bilan rishtalar keng qamrovli va ijobiy bo’lishini istaymiz, deydi Xillari Klinton. Bu degani, har ikki davlat xalqaro tartib-qoidalarga amal qilishi hamda ochiq fikr almasha olishi kerak.

“Xitoyda matbuot va diniy erkinlik cheklanayotgani, mayda millatlar huquqi oyoq osti bo’layotgani haqida bong urishda davom etamiz. Qamoqdagi siyosiy mahbuslar, jumladan Nobel mukofoti laureati Lyu Syaobo ozod etilishi shart”, - deydi Amerika bosh diplomati.

Oq uyda Xitoy prezidenti Xu Tsintao bilan muloqotda, Barak Obama inson huquqlari mavzusini ko’tarishga va’da bergan.

Iqtisodiy jabhada, AQSh va Xitoy o’rtasida savdo aylanmasi 400 milliard dollarga teng. Ammo Amerika rasmiylari savdo balansi buzilganidan shikoyat qilib keladi.

Xitoyning valyutasi – yuan qiymati sun’iy ravishda past saqlanishi tufayli uning mahsulotlari doimo arzon. Deylik, o’tgan yili Xitoy Amerikaga 270 milliard dollarga ko’proq mahsulot sotgan.

AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytner Xitoyning valyuta siyosati AQShda byudjet kamomadiga hissa qo’shayotganini qayd etib, savdo munosabatlarini muvozanatga keltirmasa bo’lmaydi, deydi.

“O’zaro manfaatli hamkorlik shuni talab etadi. Moliyaviy islohotlarni tezlashtirish Xitoyning o’zida o’sishni ta’minlash va inflyatsiyaning oldini olish uchun muhim”, deydi vazir Gaytner.

Aytish joiz, Qo’shma Shtatlar Xitoyni haligacha bozor iqtisodiyoti deb tan olmagan.

“Vashington Tayms” gazetasining yozishicha, Xitoy so’nggi payt yuanni dollarga muqobil valyuta sifatida dunyoga tanishtira boshlagan. Xitoy Davlat banki Nyu-Yorkda hisob-kitob operatsiyalarini yuanda olib borishni taklif qilyapti.

Global ahamiyatga ega masalalarga kelsak, Vashington Eronni sanksiya bilan jazolashda Xitoy yordamidan mamnun. Rasmiy Tehron olib borayotgan yadroviy tadqiqotlar, G’arb nazarida, qurol yaratishga qaratilgan.

“Rasmiy Pekin Shimoliy Koreyaning yaqin hamkorlaridan va shu bois Koreya yarimorolida barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o’ynaydi”, - deya qo’shadi Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG