Breaking News

Mirziyoyevning Xitoy safaridan nimalar kutilmoqda?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda, 11-may, 2017-yil.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda, 11-may, 2017-yil.

Davlatlararo munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarayotgan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga yo'l oldi. Safar besh kun davom etadi. Mahalliy matbuotning yozishicha, qiymati 20 milliard dollarga yaqin shartnomalar tuzilishi kutilyapti.

Mirziyoyev ikki tomonlama muzokaralardan tashqari 13-15 may kunlari Pekinda bo’ladigan xalqaro forumda ishtirok etadi. U Xitoy iqtisodiy qudrati uchun O'zbekiston eshiklarini kengroq ochishi ehtimol qilinmoqda.

Savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi bo'yicha Xitoy O'zbekistonning birinchi raqamli hamkori. Bu ko'rsatkich hali Islom Karimov davrida, iqtisodiyot ustidan nazorat o'ta kuchli, yirik geosiyosiy qudratga ega davlatlar masofada ushlab turilgan bir paytda qayd etilgan edi.

Karimov vafoti ortidan Mirziyoyev davlatlararo aloqalarda burilish qilayotgani kuzatilmoqda. Uning Xitoyga safari bu qudratli davlat bilan munosabatlarda qanchalik o'zgarishlar qilishi hozircha aniq emas.

Xitoy siyosati bilan emas, ko'proq iqtisodiy qudrati bilan xavotirli ko'riladi. Aynan shu xavotir hozirgacha Xitoy moliyasining O'zbekistonda keskin faollashishini jilovlab kelgan, Mirziyoyevning navbatdagi tashrifi bu borada o'zgarishlar qilishi mumkin.

Siyosiy sharhlovchi Kamoliddin Rabbimovga ko'ra, Mirziyoyev Karimovdan farqli ravishda Xitoy sarmoyasi uchun O'zbekiston eshiklarini kengroq ochishi mumkin.

“Rasmiy Toshkent ma'lum bir o'zgarishlar qilishi mumkin. Markaziy Osiyo Xitoy sarmoyasiga o'ta ehtiyotkorlik bilan qaraydi. G'arb investitsiyasi uchun ochiq bo'lgan eshiklar Xitoyga kelganda cheklangan miqdorda ochilgan. Xitoy oltin zaxirasi bir necha trillion dollar, mintaqaga yirik sarmoya kiritishi, istasa butunlay sotib olishi mumkin. Lekin Karimov davrida Xitoyga nisbatan o'ta ehtiyotkorlik bor edi. Endi Shavkat Mirziyoyev Xitoy sarmoyasi uchun eshiklarni butunlay ochadimi, yo'qmi, degan savol turibdi. Ammo hozircha bunga aniq javob berish qiyin. Chunki Xitoyning iqtisodiy, geosiyosiy ekspansiyasidan qo'rquv, bu ochiq aytilmasa-da, mintaqada juda kuchli”, - deydi Rabbimov.

Xitoy bilan siyosiy munosabatlardagi asosiy ustuvorlik terrorizm, radikalizm va ayirmachilikka qarshi kurash shiori ostida shakllantirilgan. Bu borada Maraziy Osiyo, jumladan, O'zbekistondagi avtoritar rejim ham Sharqiy Turkiston uyg'urlarini keskin bosim ostida ushlab kelayotgan Xitoy manfaatlariga mos tushadi.

Markaziy Osiyoda minglab uyg'urlar yashaydi, ammo mintaqa davlatlarida Xitoydagi uyg’urlarning milliy huquqlari toptalayotgani haqida gapirish taqiqlangan. Uyg’ur faollarining bir nechtasi radikalizm, ayirmachilikda gumonlanib Xitoyga topshirilgan. Bu siyosat Mirziyoyev davrida ham davom etishi shubhasiz ko'riladi.

“Hozirgacha uyg'urlar muammosini bevosita va bilvosita ko'taradigan yagona davlat faqat Turkiya, [Rajab Toyib] Erdog'an hukumati bo'lib qolmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari xalqning kayfiyatiga bog'liq bo'lmagan avtoritar davlatlar. Uyg'urlar masalasida Mirziyoyev aynan Karimov siyosatini davom ettiradi, tashrif davomida bu kun taribiga chiqadi deb o'ylamayman. Dunyoda o'zbeklarga eng yaqin millat, til, din etnik jihatdan, aynan uyg'urlar hisoblanadi. Xitoy mintaqaning uyg'urlar masalasiga aralashmasligini istaydi, jumladan, demokratik yoki millatchilik kayfiyatidagi kuchlarning hukumatga kelishidan xavotirda”, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

O'zbekiston tarqatgan ma'lumotga ko'ra, Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida 20 milliard dollarlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Xitoy mablag'i, asosan, gaz va neft zaxiralariga, shuningdek, transport tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Mirziyoyev Xitoy tomonidan dastaklanayotgan ulkan loyiha – Buyuk Ipak yo'li transport koridorini tashkil etishga bag'ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi. Bu anjumanda 40 dan ortiq davlat rahbarlari qatnashishi xabar qilinmoqda. Mintaqa Xitoy va Yevropani bitta yo'l orqali bog'lashni maqsad qilgan bu loyihaning bir qismi sifatida ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG