Breaking News

O'zbekiston rahbarining Xitoy safari qanday kechdi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Zinpin bilan, 12-may, 2017-yil, Pekin
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Zinpin bilan, 12-may, 2017-yil, Pekin

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoydagi muzokaralari natijasida 23 milliard dollarlik shartnomalar imzolangan. Ikki o`rtada imzolangan 100 dan ortiq hujjatlarning tafsilotlari noma`lum. Xitoy mablag`i, asosan, neft-gaz, kimyo, transport tizimi va qishloq xo`jaligi sohalariga jalb qilinishi kutilmoqda.

Pekindagi xalqaro forumda chiqish qilgan Mirziyoyev Buyuk Ipak yo`li chorrahasida joylashgan O`zbekistonga qiziqish ortib borayotgani haqida gapirgan.

Mirziyoyevning Xitoy safari Pekinda o`tgan “Bitta belbog` - bitta yo`l” xalqaro forumidagi ishtirok bilan yakunlandi. Forumda chiqish qilgan O'zbekiston rahbari Buyuk Ipak yo`li chorrahasida joylashgan O`zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari yuksalayotgani, mamlakatga qiziqish kuchayib borayotgani haqida gapirgan.

Xitoydagi muzokaralar Mirziyoyevning prezidentlik safarlari davomida erishilgan eng yirik bitim bilan kuzatilmoqda. Tomonlar o`rtasida 23 milliard dollarlik yuzdan ortiq shartnomalar imzolangan, asosiy sohalar nefg-gaz, kimyo, transport va qishloq xo`jaligi.

Sharhlovchilar O`zbekiston iqtisodiyotida hozirgacha ham faol bo'lgan Xitoyning yanada faollashishi yuzasidan turlicha fikrdalar.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko`ra, Mirziyoyev safari davomida imzolangan shartnomalarning tafsilotlari aniq emas, ko`zlanayotgan mablag`, asosan, O`zbekistondagi Xitoy manfaatlarini qo`llab-quvvatlashga yo`naltiriladi.

“Gap shundaki, Xitoy mablag` ajratsa, faqat o`z iqtisodi ishtirok etayotgan loyihaga ajratadi, deylik, yo`l yoki tunnel qurilishiga pul ajaratadigan bo`lsa, buning asosiy sharti loyihaning xitoyliklar tomonidan amalga oshirilishi bo`ladi. Xitoy o`z kompaniyasini, odamlarini ish bilan ta`minlaydi. Mirziyoyevning safari davomida qishloq xo`jaligi sohasida hamkorlik bitimi imzolangan, uning tafsilotlari hali noaniq. Yaqinda O`zbekiston tomoni bu sohada qo`l mehnatidan voz kechilishi, paxta terimi butunlay mexanizatsiyalanishi haqida bayonot berdi. Hamkorlik bitimida qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash o`rin olgan bo`lsa, demak, Xitoy berayotgan kreditga uning texnikasi, kombaynlarini sotib olish tavsiya qilinadi. Shunday bo`lgan taqdirda, keyinchalik bu kreditlarni kimdir qaytarishi kerak. Avval kuzatilganidek, bu yana fermerlar bo`yniga yuklansa, bundan biror ijobiy natija bo`lishi qiyin”, - deydi Ilhomov.

Iqtisodchi Saparbay Jubayevning aytishicha, Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi ancha muvaffaqiyatli o`tgan. Buyuk ipak yo`li tashabbusini o`lga surayotgan Xitoy misolida real sarmoyalar haqida gapirish mumkin, deydi u.

“Bitta belbog`- bitta yo`l” loyihasi uchun Xitoy tomonidan 1,5 trillion dollar mablag` ajratilgan. Asosiy maqsad transport tizimini takomillashtirish, bu loyihaga kiruvchi davlatlarda ishlab chiqarishni rivojlantirish. Shuning 22 milliardi O`zbekistonga ajratilmoqda va bu yaqin yillarga rejalangan real mablag`. Brinchi o`rinda u temir yo`l tizimiga, gaz va neft sohasiga yo`naltiriladi. Albatta, muddat va tafsilotlari ikki tomonlama muzokaralarga ko`ra yana aniqlashtiriladi. Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi juda ijobiy, muvaffaqiyatli kechdi, mintaqaviy, siyosiy aloqalar, iqtisodni rivojlantirish uchun ham”, - deydi Jubayev.

Alisher Ilhomov fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O`zbekiston Xitoy rahnamoligidagi Ipak yo`li loyihasining bir qismi. Mirziyoyev Pekindagi uchrashuvlarida bu loyihani qo`llab-quvvatlashga doir dastlabki kelishuvni imzoladi.

“Mirziyoyev ko`proq rejalarni ifodalovchi bitimga kelishdi. Bu shartnomalar qanchalik amaliyotga ko`chadi, bunisi hozircha mavhum. Albatta, biz 22 milliard dollar jalb qilayapmiz, degan bayonot jarangli eshitiladi, ammo bu pullar nimaning evaziga va qanday shartlarga ko`ra kiritilayotgani savollar uyg`otadi“, - deydi Ilhomov.

Saparboy Jubayevga ko`ra, Xitoy qudratidan xavotirlar bor, ammo sarmoyadorning talablari ham inobatga olinishi kerak.

“Negadir bizda Rossiya qaramligiga tushib qolishdan xavotir yo`q, Rossiya ham mintaqa boyliklarini o`zlashtirayotgan asosiy davlat, bunga biror e`tiroz yo`q. Xitoyga kelganda, xavotirlar kuchayadi. Albatta, hozir O`zbekistonda Xitoy ishtiroki kuchli deb bo`lmaydi, buni men Qozog`iston misolida aytayapman. Qozog`isonda esa bu ancha jiddiy muammo, chunki ish kuchi Xitoyning o`zida arzonroq. Sarmoyador biz ish kuchini o`zimizdan olib kelamiz deyishi mumkin. Qozog`istonda shunday bo`ldi va bu kuchli norozilikka sabab bo`ldi. Sarmoya kiritilar ekan, albatta, ma`lum iqtisodiy qaramlik yuzaga keladi. Xitoy iqtisodiga qaram bo`lib qolmaslik uchun mintaqa davlatlari hamjihatlikda siyosat olib borishlari kerak”, - deydi Jubayev.

Shavkat Mirziyoyevning Xitoydagi muzokaralari uning prezidentlik lavozimidagi to`rtinchi xorijiy safari bo`ldi. Avval u Rossiya, Qozog`iston va Turkmanistonga safar uyushtirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG