AQSh-Xitoy iqtisodiy muzokaralari natijasiz yakunlandi

  • Amerika Ovozi

O'tgan hafta Vashingtonda AQSh-Xitoy iqtisodiy muzokaralari natijasiz yakunlandi. Tahlilchilar fikricha, Tramp ma’muriyati endi Xitoy mahsulotlariga, ayniqsa po’lat importiga tariflarni oshirishi mumkin. Vashington nazarida Jahon Savdo Tashkiloti doirasidagi ayrim qonun-qoidalar Xitoyga yon bosadi va ularni qayta ko'rib chiqish kerak.

"Tomonlar bir to'xtamga kela olmadi. Tramp ma'muriyati Xitoy mollariga tariflarni oshirishga shay ko'rinadi", - deya xulosa qiladi sobiq kongressmen, Osiyo bo'yicha tadqiqotchi Charlz Bustani.

Iqtisodiy dialog o'tgan yili aprelda, ikki davlat rahbarlari uchrashuvidan keyin yo'lga qo'yilgan edi. Aynan oradagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun. Masalan, AQShning Xitoy bilan 347 milliard dollarlik savdo kamomadi;
po’lat eksporti va savdo-sotiqdagi nomutanosiblik.

Rasmiylar deydiki, Xitoy po’latni arzon narxda eksport qilishi Amerikada ish o’rinlarining kamayib ketishiga olib kelmoqda. Yevropada ham shunday qarash bor.

Charlz Bustaniga ko'ra, Tramp milliy xavfsizlikni sabab qilib ko'rsatib, po’lat importiga cheklovlar qo'ymoqchi. Boshqa ekspertlar xulosasi ham shunday.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Skott Kennedi deydiki, Amerika hukumati Jahon Savdo Tashkiloti doirasidagi majburiyatlarini ham qayta ko'rib chiqmoqda.

Bunga sabab, deydi u, Vashington nazarida Xitoy turli yo'llar bilan bu tashkilot qoidalarini o'ziga foydali qilib bo'ysundirib olgan. "Bu esa global iqtisodga, jumladan AQShdagi ilg'or texnologiyalar sanoatiga salbiy ta’sir ko’rsatyapti”, - deydi Kennedi.

“Amerika hukumatida Jahon savdo tashkilotiga nisbatan shubha va ishonchsizlik bor. Bu aynan Xitoyning iqtisodiy siyosati bilan bog'liq”,- deydi u.

Xitoy bosh vaziri muovini Vang Yang iqtisodiy jihatdan dunyodagi eng yirik ikki davlat gapni bir joyga qo’yib, hamkorlik qilishi kerakligini, qarama-qarshiliklar har ikkala davlat manfaatlariga faqatgina zarar keltirishini ta'kidlaydi.

Amerika moliya vaziri oradagi savdo defitsitida Xitoy hukumatining iqtisodga aralashuvini sabab qilib ko’rsatadi.

Xitoy-Amerika tadqiqoti institutidan Surab Gupta o'tgan haftadagi muzokarani izohlar ekan, xitoyliklar Tramp ma’muriyatini iqtisod va savdo-sotiq masalalarida oldingidek bir qolipga tushirishga harakat qilib ko'rdi, deydi.

“Tramp saylov paytida Xitoyni qattiq tanqid qilgan, savdo bitimlarini tubdan o'zgartirish rejasi bilan Oq uyga kelgan", - deb eslatadi Gupta.

Trampning bu yondashuvi, deydi tahlilchi Pol Xenli, Xitoyning uzoq yillik iqtisodiy rejalarini ostin-ustun qildi.

“Tramp ma’muriyatining qat’iyligi xitoyliklarni hayratga solyapti, ayniqsa po’lat savdosi va Shimoliy Koreya masalalarida", - deydi u.

“Xitoy yaqinda AQShdan mol go’shtini import qila boshladi, lekin Vashington yon bermayapti. Tramp ma’muriyatining taslim bo’lish niyati yo’q. Yangi ma’muriyat cheklovlar qo’yish qarorida qat'iy”, - deydi Xenli.

Tahlilchilar fikricha, yil oxirida Kommunistik partiyaning yirik majlisi oldidan Pekin ham AQSh bilan iqtisodiy muzokaralarda bo'sh egish niyati yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG