AQSh iqlim bo'yicha Parij bitimidan chiqadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Prezident Donald Tramp AQSh iqlim isishiga qarshi qabul qilingan Parij bitimidan chiqishini ma'lum qildi.

"Amerika xalqiga bergan va'dalarimni birin-ketin bajarib kelyapman va bu safar ham xalqimiz uchun yaxshi bo'lgan qarorga keldim", - dedi Tramp.

Ayni paytda, Trampga ko'ra, AQSh Parij bitimiga yangi shartlar bilan kirishi yoki mutlaqo yangi boshqa kelishuv bo'yicha muzokara boshlashi mumkin.

2015-yil oxirida dunyoning 200 ga yaqin davlati tomonidan yoqlangan bitim yer sharida issiqxona gazlari miqdorini kamaytirishni hamda iqlim isishini sekinlashtirishni ko'zda tutadi.

Tramp Oq uy oldida AQShning Parij bitimidan chiqishini e'lon qilmoqda
Tramp Oq uy oldida AQShning Parij bitimidan chiqishini e'lon qilmoqda

Obama bitimni imzolagan, ammo Kongress hali tasdiqlamagan edi.

Saylov kampaniyasi davrida ham bu bitimdan chiqishini bot-bot ta'kidlab kelgan Tramp uzoq mulohazalardan so'ng AQShni undan olib chiqishga qaror qilganini aytdi.

Amerika jamiyatining fikri

AQShda ko'plab faollar, yirik korporatsiyalar va biznes ahlining aksariyat qismi Trampdan Parij bitimida qolishni so'ragan edi. Tramp barcha tomonlarning fikriga quloq tutganini va nihoyada Amerika iqtisodiyoti va ishchilari uchun eng to'g'ri bo'lgan qarorga kelganini bildirdi.

Trampning aytishicha, Parij bitimi Amerika xalqi uchun haddan ziyod adolatsiz bo'lgan. Bugundan boshlab AQSh kelishuvning majburiy bo'lmagan qismlariga rioya qilishni to'xtatadi, dedi u.

Trampning qarori atrof-muhit faollari hamda AQShning ko'plab shaharlari rahbarlari va biznes ahli tomonidan taassuf bilan qarshi olindi.

"Agar Oq uy Parij iqlim bitimidan chiqadigan bo'lsa, uni biz Los-Anjelesda qabul qilamiz", - dedi Los-Anjeles shahar meri Erik Garsetti.

Nyu-York meri Bill de Blasio ham o'z noroziligini "Twitter" orqali izhor qildi.

"Ishni o'z qo'limizga olamiz. Nyu-York shahrining Parij kelishuviga sodiq qolishi haqida farmonga imzo chekaman", - dedi u.

Milliarder tadbirkor, "Space X" va "Tesla" kompaniyalari rahbari Ilon Mask, agar AQSh Parij bitimidan chiqadigan bo'lsa, men Trampning maslahat kengashidan chiqaman, deya ogohlantirdi.

Xalqaro munosabat

AQShning Parij bitimidan chiqishi xalqaro maydonda ham salbiy kutib olinmoqda.

Rossiya Prezidenti so'zlovchisi Dmitriy Peskov bitimning ahamiyati katta ekanini, lekin muhim davlatlar unda ishtirok etmasa, ta'siri kamayishini aytdi.

Xitoy Bosh vaziri Li Ketsyan Xitoy bitimga rioya qilish ahdida sodiq qolishini bildirdi.

BMTning "Twitter"dagi rasmiy sahifasi ham bitimning saqlanib qolishiga urg'u berdi.

"Iqlim o'zgarishini inkor etib bo'lmaydi. Iqlim ishini to'xtatib bo'lmaydi. Bunga qarshi yechimlar esa misli yo'q imkoniyatlar yaratadi", - deyiladi qisqa bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG