Breaking News

Vashington terrorizmga qarshi maxfiy operatsiyalarni kuchaytirmoqda


Qo’shma Shtatlar so’nggi payt terrorizmga qarshi kurashda ko’proq maxfiy amaliyotlarga zo’r bera boshlagan.

Razvedkachilar, qonunchilar va harbiylar bilan suhbatlardan shu narsa ma’lumki, AQSh Yaqin Sharq, Afrika va sobiq Sovet respublikalarida razvedka faoliyatini kengaytirmoqda.

Al-Qoida va unga aloqador guruhlar dunyoning qay chekkasida bo’lmasin, ularni siquvga olish va yo’q qilish uchun agressiv, ammo maxfiy usullarni qo’llash Jorj Bush ma’muriyati davrida boshlangan. Amerikaning amaldagi hukumati esa dasturni yanada kengaytirmoqda.

Aynan qanday usullar haqida gap ketayotganini bilib olish oson emas. Prezident Obamaning terrorizmga qarshi kurash bo’yicha bosh maslahatchisi Jon Brennan masalaga biroz oydinlik kiritdi.

“AQSh Al-Qoida kabi ekstremist guruhlarni mag’lub qilish uchun barcha chorani ko’rishga tayyor. Kurash terrorchilar panoh topgan barcha davlatlar - Afg’oniston, Pokiston, Yaman, Somali, kerak bo’lsa boshqa mintaqalarda ham olib boriladi”, - deydi Jon Brennan.

Jon Brennan, prezident Obamaning kontr-terrorizm bo'yicha maslahatchisi
Jon Brennan, prezident Obamaning kontr-terrorizm bo'yicha maslahatchisi

“AQSh shuningdek bu o’lkalarga harbiy salohiyatini oshirishga, o’z xavfsizligi va mudofaasini o’zi ta’minlashga ko’maklashadi”, - deya qo’shadi rasmiy.

Iroq va Afg’onistonda oxiri ko’rinmayotgan urushlar, yildan yilga oshib borayotgan talofat va sarf-xarajat Amerikada ham siyosatchilarni, ham saylovchilarni hushyorlantirgan. Muayyan bir mamlakatga maxsus kuchlarni kiritish yoki pilotsiz samolyotlar bilan jangari mazillarini o’qqa tutish ham arzon, ham samarali, deya mazkur strategiyani yoqlayotganlar ko’p.

Prezident maslahatchisi Jon Brennan so’zlariga ko’ra, har bir amaliyot o’ta ehtiyotkorlik bilan, ortiqcha shov-shuvsiz amalga oshiriladi.

Hozirda 10 dan oshiq davlatda maxfiy operatsiya ketayotgani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlashni so’raganamizda, AQSh rasmiylaridan quyidagi javobni oldik:

“Qat’iy, shafqatsiz va sharoitga moslashuvchan dushmanga qarshi global miqyosda kurash ketayotgani sir emas. AQSh urush strategiyasini ana shunga moslab, terrorchilarni yo’q qilish uchun hech bir usuldan voz kechmaydi”.

Qo’shma Shtatlar Pokistonning jangarilar makoni sanalgan qabilaviy mintaqalarida uzoqdan boshqariladigan, pilotsiz vositalarni qo’llashi ko’pdan beri ayon. Biroq Yaman, Somali va Keniyadagi operatsiyalar rasman tasdiqlanmaydi.

Osiyoshunos olim Daniel Marki nazarida, “o’ta maxfiy” deb belgilangan razvedka dasturlari so’nggi payt kengaytirilgani rost, ayniqsa Afg’onistonda. Biroq ularning samarasi haqida bir narsa deyish qiyin.

“Chunki to’qqiz yillik urushda koalitsiyaning qo’li baland kelayotgani sezilmaydi. Tolibon harakati har qachongidan faol”.

Daniel Markining aytishicha, xorijdagi maxfiy operatsiyalarni amalga oshirish ko’pincha xususiy xavfsizlik firmalariga topshiriladi. AQSh maxsus kuchlari hamda Markaziy Razvedka Agentligi ularni boshqarishda muhim rol o’ynaydi.

“Somali, Yaman va Afg’oniston kabi boshqaruvi sust va o’zini mustaqil idora eta olmaydigan o’lkalarda AQSh jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlarni zimdan olib borishi tabiiy”, -deydi olim. “Chunki hukumatlarning o’zi buni yakka eplay olmaydi yoki istamaydi”.

Xavotir shundaki, deydi tahlilchilar, chet davlat sarhadlarida bunday hujumlar xatodan xoli emas. Bu esa mahalliy aholi orasida AQShga qarshi kayfiyatni avj oldiradi. Qolaversa, avtoritar tuzumlar bilan harbiy hamkorlikni taqozo etadi.

Mutaxassislar terrorizmga qarshi kurashda agressiv harakatlarni o’rinli deb hisoblasa-da, harbiy chora bilangina muammo hal bo’lmasligini eslatmoqda. Uzoq muddatli yordam dasturlari, iqtisodiy ko’mak va taraqqiyot loyihalari hamda razvedka sohasida hamkorlikka ham e’tibor zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG