Breaking News

AQShda bir kunda salkam bir million odamda koronavirus aniqlandi


Hafta boshida AQShda bir kunda salkam bir million odam koronavirusga uchradi. Bu dunyo bo’yicha shu kunga qadar rekord ko’rsatkich.

Xalqaro hayot - 5-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:30 0:00

Virusning “omikron” shtammi yashin kabi tarqalar ekan, o’tgan hafta kasalxonaga yotqizishlar 50 foizga oshdi. Ayni paytda 100 ming odamning koronavirusdan kasalxonada davolanayotgani ma’lum.

Chikagoda o’qituvchilar kasaba uyushmasi 18-yanvargacha masofali ta’limga qaytishga ovoz berishi ketidan maktablarda darslar bekor qilinmoqda.

Los-Anjelesda esa mahalliy sudlar jinoiy ishlar bo’yicha tinglovlarni ikki haftaga qoldirishga qaror qildi.

Kasallanganlar sonining bir haftada ikki baravar o’sishi virusdan o’layotganlar soniga ta’sir qilgani yo’q. Shu kunlarda virus qurbonlari kuniga o’rtacha 1300 odamni tashkil etmoqda.

Merilend shtatida bir oylik favqulodda holat e’lon qilingan. Rasmiylar aholini niqob taqishga, emlanishga da’vat etmoqda.

Bostonda maktablar ochiq bo’lsa-da, o’qituvchi va maktab avtobusi haydovchilarining virus yuqtirishi sabab kadrlar yetishmayotgani aytilmoqda.

Prezident Jo Bayden “Pfayzer” kompaniyasi koronavirusga qarshi ishlab chiqargan “Pakslovid” dorisining muolaja kompleksini sotib olishni buyurdi.

Davlat rahbari, shuningdek, buster dozalari va koronavirusga testlarni ko’paytirishga so’z berdi.

Test markazlarining soni talabga nomutanosib bo’lishi natijasida amerikaliklar navbatda uzoq turishga majbur, ba’zilar bunda Baydenni ayblamoqda.

Olimlarga ko’ra, “omikron” shtammi tez yuqish xususiyatiga ega bo’lsa-da, virusning boshqa ko’rinishlariga qaraganda alomatlari yengilroq, kamroq o’lim hollariga olib keladi.

"So’nggi izlanishlardan ma’lum bo’lishicha, “omikron” ko’proq tananing yuqori qismida faollashadi. Boshqa viruslar esa o’pkaga hujum qilib, pnevmoniyaga sabab bo’ladi. Izlanishlarni ko’paytirish kerak”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan Abdu Mahamud.

Qo’shma Shtatlar shu kunga qadar dunyo bo’ylab 315 milliondan ortiq vaksina dozasini xayriya sifatida tarqatgan, yana qo’shmcha 1,2 milliard doza va’da qilgan. Biroq mutaxassislar boy mamlakatlarni yetarlicha vaksina xayriya qilmayotganlikda ayblamoqda.

“Afrika, Janubiy-sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasida aholini emlash uchun va’da qilingan vaksina miqdorini ko’paytirmas ekanmiz, bu muammo bilan yuzlashishda davom etamiz. Na AQSh hukumati, na “Katta Yettilik”ka a’zo mamlakatlar bunga va’da berdi”, - deydi Xyustondagi Beylor tibbiyot kollejidan Piter Xotes.

Bu o'rtada Shvetsiyada qirol va qirolicha koronavirusga uchragani xabar qilinmoqda. Har ikkisiningahvoli yaxshi. Qirol Karl 16-Gustav va qirolicha Silviyaning test natijalari seshanba kuni e’lonqilindi.

Ular shu paytgacha vaksinaning uch dozasi bilan emlangani ma’lum. Virus alomatlarining mo’tadil ekani aytilmoqda. Har ikkisi ayni paytda Stokgolm tevaragidagi orolda joylashgan saroyda izolyatsiyada.

Polshada esa Prezident Andjey Duda ikkinchi bor koronavirus yuqtirgan. Birinchi marta u 2020-yil oktabrida kasal bo’lgan edi. Yordamchilaridan biriga ko’ra, Duda vaksinaning uchta dozasi bilan emlangan.

Unda virusning jiddiy alomatlari yoq’ligi, izolyatsiyada ekani aytilmoqda. Prezident idorasida ishlovchi bir necha odam virus yuqtirishi ketidan davlat rahbari test topshirgan.

Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, Polshada koronavirusning “omikron” shtammi keng tarqalmagan, biroq oy oxirigacha kuchayishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG