Breaking News

AQShda prezidentlik uchun poygada din muhim mavzu


Massachussets shtatining sobiq gubernatori Mitt Romni - respublikachilardan prezidentlikka asosiy nomzod. Uning dini Barak Obama bilan bellashish yo'lida to'g'anoq bo'ladimi?
Massachussets shtatining sobiq gubernatori Mitt Romni - respublikachilardan prezidentlikka asosiy nomzod. Uning dini Barak Obama bilan bellashish yo'lida to'g'anoq bo'ladimi?

Amerikada prezidentlik uchun poyga avjida. Saylovlar 2012-yilning 6–noyabrida o’tadi. Ungacha esa Respublikachilar Partiyasi amaldagi rahbar, demokrat Barak Obama bilan bellasha oladigan nomzodni tanlashi kerak.

Injil
Injil

Yangi yilning birinchi oyidanoq shtatma-shtat saralash jarayoni boshlanadi. Bu jamiyat saylovlarga erta tayyorlanadi.

Nomzodlar obdon elakdan o’tadi. Har bir da’vogar oilasi va tarjimai holidan boshlab, dini va siyosiy qarashlarini tushuntirishi, ommadan tushgan har bir savolga javob berishi kerak.

Jarayonni qizitadiganlar, ya’ni olovga moy sochib turadiganlar – ommaviy axborot vositalari.

Respublikachilar orasida yetakchilikni boy bermayotgan Mitt Romni nasroniylarning mormon oqimidan.

Mormonlar Injildan tashqari yana boshqa kitoblarni ham muqaddas deb biladi. Jozef Smit, XIX asrda yashab o'tgan ruhoniyni "payg'ambar" deb atab, Yaratgan Isodan keyin ham elchi yuborgan deya ishonadi. Boshqa nasroniylar nazarida ular egri yo’lga kirgan odamlar.

Raqiblar - Mitt Romni (chapdan) va Rik Perri
Raqiblar - Mitt Romni (chapdan) va Rik Perri

Robert Jeffress, yevangelchilar yetakchisi. Texas shtatida tanilgan ruhoniy. Gubernator Rik Perri nomzodligini qo’llamoqda. Yevangelchilar o'zini "toza nasroniylar" yoki "yangidan tug'ilgan nasroniylar" deb ataydi.

Mitt Romni, deydi Jeffress, haqiqiy nasroniy emas. Uning fikricha, bunday odamlar prezidentlikka yaramaydi.

“Mormonlar - buzilgan nasroniylar to’dasi. Ulardan chiqqan nomzod to’g’ri yo’lga boshlamaydi”.

Jeffressning izohi shuki, mormonlar shaxsga sig’inadi. Xudo va uning o’g’li Isodan boshqaga ibodat qilish gunoh axir, deydi u.

Bu tuhmat, uydirma gaplar xolos, deydi mana bu mormon:

Ko’pchilik amerikaliklar siyosat va din bir-biriga aralashmasligi kerak degan fikrda.

Mormonlar cherkovida
Mormonlar cherkovida

Lekin bahsu-tortishuvlar tinmaydi. Nomzodlar debatlarda bu masalani chetlab o’tolmaydi.

“Bu birovning fikri, meniki emas, Mitt, buni necha bor aytib o’tdim. Yurtdoshlarimiz e’tiqod va ishonch nimaligini biladi. Ularning bugungi muammosi – hozirgi prezidentimiz”,- deydi Rik Perri.

“Rahbarlikka tanlayotganimizda nomzodlarning diniga qarashimiz kerak degan qarash meni juda tashvishga soladi",- deydi Mitt Romni.

"Axir Amerikaga asos solinganida aynan mana shu narsa rad etilgan. Hokimiyatga saylanadigan shaxs e’tiqodi emas, yurti uchun nima qila olishiga qarab baholangan”.

Yevangelchilar cherkovda birga ashula aytmoqda
Yevangelchilar cherkovda birga ashula aytmoqda

Ommaviy so’rovlarda, amerikaliklar dinning farqi yo’q deydi, agar gap ekstremizm haqida ketmayotgan bo’lsa.

Los Anjeles ko’chalarida odamlardan fikrini so'raganimizda, bir ayol shunday deydi:

“Ekstremistlarga yo’q deyman. Ular hammani bir qolipga solishga va xuddi o’zidek fikrlashga undaydi. Men, shaxsan, bunga qat’iy qarshiman”.

Yana bir amerikalik esa dinning nima farqi bor deya xayron:

“Arizona shtatidanman. U yerda mormonlar to’lib yotibdi. Boshqa nasroniylardan farqi yo’q, katolik, protestant, baptist.. Kimga nima”.

AQShda prezidentlik uchun poygada din muhim mavzu
AQShda prezidentlik uchun poygada din muhim mavzu

Romni hamma nasroniylarni ham ishontira olmasligi mumkin, deydi din va siyosat bo’yicha tahlilchi Daniel Koks.

“Yevangelchilar – Respublikachilar Partiyasining ajralmas qismi. Shunday ekan, bu o’ta taqvodor nasroniylarning qarashlari, albatta, katta ahamiyatga ega. Har to’rt respublikachi saylovchidan biri – yevangelchi. Ayova, Janubiy Karolina va Florida shtatlarida ular ayniqsa katta kuchga ega",- deydi olim.

Prezident bo’lmoqchimi, Mitt Romni, bu sinovlarga chidab berishi kerak.

“Agar Romni yevangelchilarni “haqiqiy nasroniyman”, sizning siyosiy qarashlaringiz va qadriyatlaringizga sherikman deb ishontira olsa, marra uniki bo’lishi mumkin. Nima uchun mormon ekanini aytsin ”,- deydi Daniel Koks.

Prezidentlikka da’vogar avval partiyaviy nomzodlikni qo’lga kiritishi, keyin esa umummamlakat saylovlarida demokrat raqibi bilan kurashishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG