Yevropa Prezident Tramp davriga tayyorlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Trampning yaqinda nemis va ingliz matbuotiga bergan intervyusi Vashington roli kelajakda qanday bo'lishi mumkinligi yuzasidan xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

Prezidentlikka shaylanayotgan Tramp Yevropa Ittifoqi va NATOni keskin tanqid qilib kelmoqda. Uning fikricha, bu bloklar Amerika uchun foyda emas, zarar.

Lekin Tramp yuqori lavozimlarga tanlangan arboblar, jumladan Mudofaa vaziri bo'lishi kutilayotgan Jeyms Mattis yaqinda Senatda so'zlar ekan, Rossiya rahbari Vladimir Putinni G'arb davlatlari birdamligini buzishga urinayotganlikda aybladi. Uning nazarida, NATO bag'oyat zarur ittifoq.

Jeyms Mattis Senat oldida, 12-yanvar, 2017
Jeyms Mattis Senat oldida, 12-yanvar, 2017



Londonda chop etiladigan "Sunday Times" va Germaniyada chiqadigan "Bild" gazetalari bilan suhbatda Tramp Yevropa rahbarlarini layoqatsiz va AQShni qadrlamaydigan liderlar sifatida tasvirlaydi.

Tomonlar javob berishga shoshmayapti. Oq uyda yangi prezident ish boshlab olsin, keyin baho beriladi, deydi rasmiylar.

Germaniya rahbari Angela Merkel Trampning qochqinlar yuzasidan aytgan tanqidiy gaplariga munosabat bildirmayapti. Kanslerni Amerikaning yangi prezidenti uzoqni ko'zlay olmayotganlikda qoralagan. Tramp fikricha, qochqinlarni so'zsiz bag'riga olish davlatlarni xavf tomon yetaklaydi.

Yevropa Ittifoqi Germaniya qo'lidagi o'yinchoq, deydi Tramp. Britaniya bu blokdan chiqib to'g'ri ish qilmoqda, deya qo'shadi u.

Merkel deydiki, rahbarlikka hali kelmadan odam bilan kelishishga hozircha hojat yo'q. AQShning yangi prezidenti bilan muloqot hali boshlanmagan.

Germaniya rahbari Angela Merkel
Germaniya rahbari Angela Merkel

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Federika Mogerini nazarida esa blok Trampga javob berishga tayyor turishi kerak. Xususan, Eron bilan erishilgan yadroviy kelishuv bekor qilinmasligi uchun chora ko'ra boshlash zarur. Tramp, ma'lumki, bu murosaga qarshi. U Tehronga qarshi keskin siyosat yuritmoqchi.

Yevropada yangrayotgan yana bir umid shuki, Amerikadagi demokratik tizim, xususan Kongress prezidentga o'zboshimchalik qilish uchun yo'l bermaydi. Qonunchilarninh aksariyati respublikachilar bo'lsa-da, ular mantiqan, vijdonan va mas'uliyat bilan ish yuritadi, deya kutmoqda Yevropa Ittifoqi rasmiylari.

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi ga 28 davlat a'zo
NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi ga 28 davlat a'zo

NATO, Ukraina va Putin

Trampning NATOga nisbatan ishonchsiz munosabati bu blokk qarshi Rossiya rahbari Putinga kuch bermoqda, deydi tahlilchilar. AQSh global lider bo'lib qolishni istasa, NATO singari ittifoqni la'natlamay, uni yanada kuchaytirishga harakat qilishi kerak, deydi ular.

Ukrainaga nisbatan agressiyasi uchun sanksiyalar bilan jazolangan Rossiya Trampni ularni olib tashlashga ko'ndirishi mumkin degan xavotir hukmron. Kreml atom qurollari sonini kamaytirishni va'da qilib, sanksiyalardan xalos bo'lish niyatida.

Ukrainiada Prezident Petro Poroshenko deydiki, uning davlati Rossiya va G'arb orasidagi o'yinchoq emas, balki demokratiya va adolat uchun kurashayotgan mamlakat. G'arb uchun demokratiya qanchalik muhim ekanini kelajak ko'rsatadi, deydi u.

Trampning xorijga birinchi safari Islandiyaga bo'lishi mumkin. Maqsad - Putin bilan muzokara. Lekin Amerikaning yangi prezidenti ungacha NATO rahbarlari bilan gaplashmasligi mumkin.

Ukrainia rahbari Petro Poroshenko
Ukrainia rahbari Petro Poroshenko

Rossiya rahbari Vladimir Putin
Rossiya rahbari Vladimir Putin

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG