AQSh: Hukumatni moliyalash uchun bir hafta muhlat

  • Amerika Ovozi

AQShda ikki haftalik ta’tildan qaytgan qonunchilar oldida dolzarb bir masala turibdi - 28-aprel jumaga qolmay qisqa muddatli byudjet qabul qilinishi lozim. Aks holda, oldingi yillarda bo’lgani kabi hukumat idoralarining bir qismi yopiladi.

Byudjet loyihasi shu hafta qabul qilinib, Oq uyga yuborilmasa, Donald Tramp prezidentligining ilk 100 kunida hukumat yopilishi bilan yuzlashgan rahbar sifatida tarixga kiradi.

Oq uyga ko’ra, vahimaga hojat yo’q.

“Kongressdagi yetakchilar bilan masalani muhokama qilayapmiz”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Shon Spayser.

Loyiha Kongressda ovozdan o’tsa ham prezident uni imzolashdan bosh tortishi mumkin. Tramp o’z tarafdorlariga Meksika bilan chegarada devor qurishga va’da bergan, buning uchun mablag’ so’ramoqda. Demokratlar devor uchun bir tiyin ham ajratmaymiz, deydi.

Saylovchilar bilan muloqotda kaliforniyalik senator Kamola Harris devor uchun pul ajratilishiga qarshi chiqishga va’da berdi.

Trampning partiyadoshlari uni qo’llab-quvvatlaydi, lekin hammasi emas. Masalan, Florida senatori Marko Rubio fikricha, hozir nozik mavzularni chetga surib, avvalo, hukumat yopilishini bartaraf etish kerak. Demokratlar bilan tortishuv mamlakatni moliyaviy jarlik yoqasiga yetaklaydi.

Adliya vaziri Jeff Seshns devor uchun mablag’ ajratilishiga ishonadi.

“Bu devor kerak bizga, Kongress ishini bajaradi”, deydi u.

Inqirozni bartaraf etish uchun respublikachilar devor masalasini kelasi yilga ham qoldirishi mumkin. 1-oktabrda yangi moliyaviy yil boshlanadi. Respublikachilar Kongressning har ikki palatasida ko’pchilik ekan, ular mamlakatni effektiv boshqara olishini ko’rsatishi kerak. Xalq ulardan shuni kutadi, deydi Kaliforniya bosh prokurori Xavier Beserra.

“Demokratlar Kongressda ozchilik. Muhim qonunlar yuzasidan ular muxolifat bilan konsensus asosida ish yuritishi darkor. Aks holda, hukumat moliyasiz qoladi va ishdan to’xtaydi”, - deydi u.

28-aprelgacha byudjet bo’yicha murosaga erishilmasa, Mudofaa vazirligi va davlat xavfsizligi bilan bog’liq boshqa idoralardan tashqari barcha agentliklar vaqtincha yopiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG