Breaking News

AQSh: Gonkongdagi namoyishlarda vazminlik saqlansin


AQSh Xitoy hukumatini minglab odamlar namoyishga chiqqan Gonkongda vazminlik saqlashga chaqirdi. Namoyishlarga sabab Pekinning 2017-yilgi saylovlarda Gonkong rahbarligiga saylanishi mumkin nomzodlarni belgilashi haqdagi qarori bo’ldi.

Gonkong politsiyasi shaharning moliyaviy dahasida to’plangan minglab namoyishchilarga qarshi ko’zni yoshlantiradigan gaz qo’lladi.

Xitoy hukumati namoyishlar qonunga zid deydi.

Bir paytlar Britaniyaga tegishli Gonkong 1997-yilda Xitoy nazoratiga qaytgan. O'shandan buyon bu eng ommaviy chiqishlardir.

Britaniya rahrbariyati voqea haqida “demokratiya qaror topishi uchun taraflar konstruktiv muloqot boshlashi kerak”, deb aytdi.

Rasmiy Vashington esa agar aholiga ko’pgina nomzoddan rahbarlarni saylash imkoni berilsa Gonkong rahbariyati haqiqiy qonuniy salohiyatga ega bo’ladi, deya fikr bildirdi.

Ammo Xitoy tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyin Pekinda jurnalistlar bilan uchrashuvi chog’ida “Gonkong Xitoyga tegishli”, deb, Xitoy rahbariyati xorijiy hukumatlarning “noqonuniy” namoyishlarni ma’qullashiga keskin qarshi ekanini bayon qildi.

Ayrimlar ko’chalarga chiqqan odamlarning ko’pginasi soyabonlar ko’tarib turgani sababli namoyishlarni “Soyabonlar inqilobi” deb atadi.

Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest AQSh har ikki tarafni vazminlikka chaqiradi, deb aytdi.

“Qo’shma Shtatlar Gonkong rahbariyatini vazminlikka, namoyishchilarni esa o’z fikrlarini tinch yo’l bilan bildirishga chaqiradi”, - dedi u.

Oq uy rasmiysi, shuningdek, AQSh Gonkongdagi saylovchilarni azaldan qo’llab-quvvatlab keladi, deb aytdi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki ham ayni fikr bildirdi.

“Umumiy ovoz berish huquqi va rahbarlarni turli nomzodlardan saylash imkoni Gonkong xalqiga berilishi kerak, deb ishonamiz. Biz bu fikrni Xitoy rahbariyatiga bevosita bildirganmiz”, - dedi Psaki.

Prezident Barak Obama noyabr oyida Pekinga safar qiladi. Tashrif davomida u Gonkong masalasini ko’taradimi, yo’qmi, hozircha noma’lum. Ammo Oq uyga ko’ra, prezident inson huquqlarini himoya qilish ahamiyati haqida gapirish niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG