Hujjatsiz muhojirlar Kongressga: Amerika bizning ham uyimiz

  • Amerika Ovozi

Amerikaga bolaligida olib kelinib, shu yurtda ulg’aygan hujjatsiz muhojirlar taqdiri hamon mavhum. DACA deb nomlanuvchi dastur ularni deportatsiyadan himoya qilayotgan edi, lekin Prezident Donald Tramp uni tugatishga qaror qilgan. Qonunni yangilash Kongress zimmasida.

Hujjati yo’q immigrantlar, shu paytgacha deportatsiyadan xavotir olmay AQShda yashab kelgan yoshlar Kapitoliy qarshisida katta palatka o’rnatib, qonunchilarni yil oxirigacha yangi qonun qabul qilishga undamoqda.

"Amerika bizning uyimiz. Hech qayerga ketmaymiz”, - deydi faollardan biri Greysa Martinez.

Palatka o’rnatilgan sayilgohda 1960-yillarda fuqaro huquqlari uchun namoyishlar, yil boshida esa xotin-qizlar marshi o’tgan edi.

“Yangi huquqlarga, yangi imkoniyatlarga yo’l ochgan tarixiy joyda turibmiz. Muhojirlarni himoya qiluvchi qonunni ham qabul qilish vaqti keldi”, - deya so’zladi demokrat senator Dik Durbin.

Kapitoliy tarafga qaratib qo’yilgan ekranlarda noqonuniy muhojirlarning suratlarini ko’rasiz. Ular boshidan o’tkazgan voqealar tasvirlangan.

“AQShning turli chekkalarida yashayotgan, ishlayotgan yoshlarning hikoyalari bu. Amerika xalqi bizni qo’llab-quvvatlaydi. Kongress ovoz bermaguncha shu yerda bo’lamiz”, - deydi Nestor Ruiz.

Ammo qonun yil oxirigacha qabul qilinadimi, yo’qmi, aytish qiyin. Aksiya qatnashchilari bilan uchrashgan Dik Durbin ham va’da berolmadi.

“Ovozdan o’tadi deb ishonch bilan ayta olmayman. Harakat qilayapmiz”, - deydi senator.

Prezident Tramp sentabr oyida DACA dasturini bekor qiluvchi farmon imzoladi. 2018-yilning mart oyigacha Kongress bir qarorga kelishi lozim. AQShda yashayotgan qariyb 800 ming hujjatsiz immigrant haqida gap ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG