Tramp immigratsiyaga oid yangi takliflarni oshkor qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Tramp ma'muriyati immigratsiya sohasida amalga oshirishni rejalayotgan bir qator masalalar ro'yxatini e'lon qildi. Agar ijro qilinsa, bu choralar yuz minglab yosh muhojirlarni deportatsiyadan saqlab kelgan qonuniy himoyani yo'qqa chiqarishi mumkin.

Rejaga ko'ra, grin karta tizimi qayta ko'rib chiqiladi; 10 ming qo'shimcha immigratsiya xodimi ishga olinib, Tramp va'da qilgan Meksika devori ham quriladi. O'zgarishlarga demokratlar keskin qarshi.

Rasmiylarning aytishicha, agar qonunchilar rejani ma'qullashga rozi bo'lsa, bolaligida AQShga noqonuniy kelgan muhojirlarni deportatsiya qilishdan to'suvchi qonun bekor qilinmaydi.

Bunday immigrantlarni himoya qiluvchi DAKA qonuni yuz minglab yosh yigit-qizlarni deportatsiyadan asrab, ularning AQShda qonuniy o'qish va ishlashlariga imkoniyat yaratib bergan.

Tramp o'tgan oy agar Kongress olti oy ichida yangi huquqiy yechim bilan chiqmasa, DAKA bekor qilinishini e'lon qilgan edi.

Ko'zlanayotgan o'zgarishlar sirasiga, jumladan, grin kartani AQSh fuqarosi va doimiy rezidentlarning oila a'zolaridan faqat turmush o'rtog'i va balog'atga yetmagan farzandlarigagina berish; grin karta uchun ballar tizimini joriy etish kiradi.

Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi Oq uy oldida namoyish, 9-sentabr, 2017-yil
Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi Oq uy oldida namoyish, 9-sentabr, 2017-yil

Oq uy, shuningdek, chegara to'lovlarini oshirishni, uyushgan jinoiy guruhlar a'zolarini va qarovsiz bolalarni deportatsiya qilishni osonlashtirishni hamda siyosiy boshpana berish tizimini qayta ko'rib chiqishni rejalamoqda. Muhojirlar haqida ma'lumot berishda federal idoralar bilan hamkorlik qilmaydigan shaharlarni jazolash bo'yicha ham yangi choralar ishlab chiqilmoqda.

"Choralar aqlga sig'mas darajada keng"

Demokratlar Oq uy olg'a surayotgan o'zgarishlarning aksariyatiga keskin qarshi.

Vakillar palatasidagi demokratlar sardori Nensi Pelosi va Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer e'lon qilgan qo'shma bayonotda yozilishicha, choralar "aqlga sig'mas darajada keng" va "murosaga kelish harakatlarini o'zida ifodalamaydi".

"Ma'muriyat agar bu choralarni amalga oshirishni boshlasa, murosa qilish yoki DAKA himoyasidagi muhojirlarga va amerikaliklarning aksariyatiga yordam berish niyatida jiddiy emas", - deya yozadi ular.

"Agar Prezident bularni himoya qilish ahdida jiddiy bo'lganda, bu haqda nimadir qilgan bo'lardi", - deya qayd etiladi bayonotda.

Vakillar palatasi Spikeri Pol Rayn so'zlovchisi Dog Andresning aytishicha, palataning immigratsiya bo'yicha ishchi guruhi Tramp olg'a surgan choralar ro'yxati bilan tanishib chiqadi va bu masalada respublikachi qonunchilar hamda Oq uyga maslahat beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG