Breaking News

Amerikalikmiz, deydi bolaligida hujjatsiz olib kelinganlar


Tramp ma’muriyati ingliz tilida qisqacha DACA (Deferred Action for Childhood Arrivals) deb nomlangan immigratsion dasturni yopishga qaror qildi. Barak Obama prezidentligi davrida qabul qilingan bu programma bolaligida ota-onasi bilan Amerikaga hujjatsiz olib kelingan, shu yurtda ulg’aygan insonlarni deportatsiyadan himoya qiladi. Prezident Tramp bu masalani olti oy ichida hal qiling, deb mas’uliyatni Kongressga yukladi.

“Bugun uyga borib, onamga nima deyishni bilmayman. Meni haydashsa, oilamizni kim boqadi, onamga kim qaraydi?”, - deydi 20 yoshli Flor Reyes.

U oilasining boquvchisi. Besh uka-singillari Amerikada tug’ilgan, ular fuqaro. Lekin o’zining bu mamlakatdagi statusi endi savol ostida.

“Ro’yxatdan o’tgan bo’lsak ham taskin topmadik”, - deydi u.

Flor Reyes kabi 800 ming odam deportatsiya bilan yuzlashishi mumkin. Barchasi chet elda tug’ilgan, lekin AQShda katta bo’lgan. Shu yerni o’z vatani deb biladi. Hukumat DACA deb atalmish dastur yopilishini e’lon qilar ekan, bu odamlar kelasi yilga borib qonuniy ishlash huquqidan ayrilishi ham mumkin.

“Ziddiyat, g’azab hissi oshayotganini hamma sezib turibdi. Atrofga qarang”, - deydi Oq uy oldida namoyish qilayotgan Kevin Duarte.

Nyu-Yorkdagi Tramp minorasi oldida qonunga bo’ysunmaslik aksiyasi o'tkazildi. O’nlab konservativ shtatlar agar DACA dasturi yopilmasa, Tramp ma’muriyatini sudga beramiz, deb ogohlantirgan edi. Kongress kelasi yil martgacha chora ko’rishi kerak.

“Prezident Tramp bu programmani tuzata olmaydi. Hech bir prezidentda bunday vakolat yo’q. Obama buni bilardi, Tramp ham biladi. Kongress yechimini topishi kerak”, - deydi Amerika immigratsiya islohoti uyushmasi vakili Deyv Rey.

DACA orqali hujjatini qo’lga kiritganlar, dastur tarafdorlari bu fikrga qo’shilmaydi. Ular Tramp ma’muriyatini ikkiyuzlamachilikda ayblamoqda. Nyu-York Immigratsiya koalitsiyai direktori Stiven Choy:

“DACA tashkil etilishida qo’llangan qonunlar o’zgargani yo’q. Tramp Oq uyga kelganida bu dastur qonuniy edi, hozir ham qonuniy. Tramp hatto bu odamlarga xavotir olmang, deb aytgan edi. Siyosat o’zgardi xolos. Qonunlar o’sha-o’sha”.

Kongress bir qarorga kelmasa, 2018-yil mart oyida programma butunlay yopiladi. Ungacha hamma narsa mavhum.

“Ochig’ini aytsam, bu hukumatdan, hatto bu mamlakatdan ko’nglim qoldi. Umidimiz - namoyishga chiqqan mana shu odamlardan. Harakatimiz mana shu insonlardan kuch oladi. Kurashni davom ettiramiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG