Breaking News

AQSh Suriyaga maxsus kuch yuboradi


"Islomiy davlat" (IShID) jangari guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyaning amerikalik vakiliga ko'ra, yaqinda AQShning bir necha o'n kishilik maxsus kuchlari Suriyaga borib, terrorchi to'daning markaziy qarorgohini o'rab olish va yo'q qilish maqsadida arab kuchlariga yordam beradi. So'nggi haftalarda "Islomiy davlat"dan hududlarni tortib olish va ko'plab jangarilarni yo'q qilishda mahalliy kuchlar qator muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

IShIDga qarshi maxsus guruh, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:28 0:00

Xalqaro koalitsiyadagi AQSh vakili Bret Makgurk so'zlariga ko'ra, amaliyot nozik bo'lgani uchun u qariyb 50 maxsus askarning Suriyaga qachon jo'nab ketishi bo'yicha aniq kunni ayta olmaydi. O'tgan oy e'lon qilingan rejaga ko'ra, bu kichik guruh IShIDga qarshi kurashda arab kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazadi, ularga maslahat va yordam beradi.

"Ittifoqchilarimiz o'tgan ikki haftaning o'zida 1100 kv. km. hududni qaytarib oldi. 300 jangarini o'ldirishdi va hozir IShID poytaxti Raqqani ajratib qo'yishga diqqat qaratishyapti. Terror xurujlari shu yerda rejalanadi", - deydi AQSh rasmiysi.

Maqsad hududlarni qaytarib olish, guruh yetakchilarini o'ldirish hamda guruhni moliyaviy manbalaridan uzib, xorijliklarning to'daga kelib qo'shilishiga yo'l qoymaslik, deydi Makgurk. Unga ko'ra, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasining Tunis, Turkiya, Bayrut, Parijda yuz bergan xurujlarni va Rossiya samolyotining portlatilishini xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun global va misli ko'rilmagan tahdid deb e'lon qilgani bejiz emas.

AQSh rahbari Barak Obama ham Amerika yetakchiligidagi koalitsiya IShIDni yakson qilish ahdida qat'iy ekanini yana bir bor ta'kidladi.

"Barcha frontlarda mahalliy hamkorlarimiz bilan strategiyamizni kuchaytiryapmiz. Iroq va Suriyada guruhni ortga chekintirib, rahbarlarini yo'q qilishda davom etamiz. Toki ular bizga ortiq tahdid solmasin", - deydi Obama.

Senatning Razvedka qo'mitasi a'zosi demokrat Dayan Faynshteynning aytishicha, Obama ma'muriyati ko'rayotgan choralar yetarli emas.

"Vaqtimiz tig'iz, biz yillar kuta olmaymiz. Hozirdan qat'iyatli bo'lishimiz kerak, chunki IShID o'zini davlatdek tutmoqda. 30 ming jangchiga ega, puli bor. Boshqa davlatlarga ham yoyilmoqda. Bu esa juda katta muammo. Haddan ziyod kuchli guruh, unga kuch bilan javob qaytarish kerak", - deydi u.

Senator fikricha, mintaqaga ko'proq AQSh maxsus kuchlarini yuborishga ehtiyoj bo'lishi mumkin. Shimoliy Suriyaga jo'natilgan bir necha o'n kishi muammoni hal qila olmaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG