Breaking News

Kongress Tramp tashqi siyosati haqida qanday fikrda?


Rossiyadan Venesuelagacha... Mashmasha ketidan mashmasha ekan, AQSh Kongressi a'zolari Prezident Donald Trampning tashqi siyosatini tanqid qilmoqda.

Demokrat senator Chak Shumer:

"Prezident oldimizga kelib, davlatimiz har doimgidan ham mustahkam, deyishi mumkin. Lekin, achchiq haqiqat shuki, tashqi siyosatimiz xom, uzoqni ko'zlamaydigan, puxta o'ylanmagan. Amerika qudrati, nufuzimiz va rolimiz pasaygan".

Shumer nazarida Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya dunyodagi eng nodemokratik va eng xavfli davlatlar. Ular bugun AQShga tahdid solmoqda, deydi senator. Amerika ittifoqchilarining manfaatlariga ko'z yummoqda. Buning ustiga, deydi Shumer, Prezident Tramp dushmanlarni emas, ittifoqchilarni qoralashni odat qilgan.

Respublikachi senator Deb Fisher fikricha, AQShning Rossiya bilan yadroviy qurollar bo'yicha kelishuvdan chiqayotgani to'g'ri qaror. Murakkab qadam, deydi u, lekin ma'qul yo'l.

Respublikachi senator Deb Fisher
Respublikachi senator Deb Fisher

"Qo'shma Shtatlar endigi qadamlarni o'ylab bosishi kerak. Rossiyaning qurollanishiga, qurollanish poygasi avj olishiga yo'l qo'ymaslik zarur. Rossiya bu yo'ldan borsa, javob berishimiz zarur. Ularni ogohlantirib turishimiz kerak", - deydi Fisher.

Demokrat senator Kris Kuns:

"Rossiya kelishuvni buzgani aniq lekin biz o'zi qay tomon ketayotganimizni bilmaymiz. Dunyo tinchligi va o'z manfaatlarimizni himoya qilish uchun bugun qanday strategiyaga egamiz? Qurollanish poygasidan bizga naf yo'q. AQSh va Yevropa barqarorligini ta'minlash uchun nima qilmoqchimiz?"

Tramp Suriyadan qo'shinlarni olib chiqishga bel bog'lagan. Uning ta'biricha, mintaqa kelajagi uning aholisi va Yaqin Sharq rahbarlari qo'lida. Amerika ular bilan til topishishga harakat qiladi.

Lekin respublikachi senator Kornin singari qonunchilar Oq uyni aqlsizlikda ayblamoqda. Amerika shuncha harakat va xarajatdan keyin Suriyadan chiqib ketsa, o'rnini terroristlar egallaydi va unga qarshi xurujlar rejalay boshlaydi, deya xavotirlanadi senator.

Respublikachi senator Jon Kornin
Respublikachi senator Jon Kornin

Respublikachi senator Rend Pol esa AQSh aslida Suriyaga umuman qo'shin yubormasligi kerak edi, deydi.

"Suriyada maqsadga erishdik. Hali erta desak, o'tiraveramiz. E'tiborni o'z ichki masalalarimizga qaratamiz", - deydi Pol.

Demokrat senator Kris Merfi ta'biricha ham Suriyadan chiqish to'g'ri yo'l. Mintaqada boshqa mojarolarga aralashib ketish mumkin, deya ogohlantiradi u.

Venesuelada Xuan Guaydoni yangi rahbar deb tan olgan Vashington unga yordamni oshirishi kerak, deya bong urmoqda respublikachi senator Marko Rubio. Yevropaning 13 davlati shunday qilmoqda, AQSh ham jim tura olmaydi, deydi u.

Ko'plab demokratlar Trampni bu borada quvvatlamoqda, ya'ni yangi liderni olqishla biroq shoshmay quvvatlash lozim.

Demokrat senator Bob Menendez
Demokrat senator Bob Menendez

AQSh Venesuela xalqi tinchligi va erkinligi yo'lida hissa qo'shishi kerak, deydi Menendez, ammo yetti o'lchab bir kesish lozim. Uningcha, "Trampga xos o'zboshimchalik bilan katta siyosiy xatolar qilish mumkin". Harbiy harakatlardan tiyilish kerak, deydi u. Venesuelada demokratiya barpo etish bu mamlakat fuqarolarining ishi, tashqi kuchlarning emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG