Breaking News

Senator Makkeyn izolyatsionizm siyosatini tanqid qildi


Sobiq vitse-prezident Jo Bayden (chapda) senator Jon Makkeynga "Ozodlik" medalini topshirmoqda, 16-oktabr, 2017-yil.

AQSh senatori Jon Makkeyn Amerikada izolyatsionizm yo'lidan yurayotganlarni ismlarni tilga olmagan holda tanqid qildi. Bu haqda u xalqqa qilgan xizmati uchun berilgan mukofot taqdimotida gapirdi.

Sobiq vitse-prezident Jo Bayden Milliy Konstitutsiya markazida Makkeynni "Ozodlik" medali bilan taqdirladi. Marosimda so'zlagan Makkeynning aytishicha, AQShning xalqaro yetakchilik rolini tark etishi vatanparvarlik emas.

"Muammolar uchun aybdor qidirishni xush ko'radigan odamlar tomonidan xom ishlangan millatchilikni deb, o'zimiz bunyod etgan va bir asrning uch choragida boshqargan dunyodan qo'rqish, dunyo bo'ylab o'zimiz olg'a surgan ideallarni tark etish, xalqaro yetakchilikning majburiyatlaridan, sayyoraning eng so'nggi va eng yaxshi umidi bo'lib qolish burchidan bo'yin tovlash vatanparvarlikning ziddidir. Xuddi amerikaliklar tarix changlarida qolib ketadi degan gapga ishonishdek", - dedi senator.

Makkeyn Prezident Donald Trampning nomini tilga olmadi, ammo uning gaplari AQSh rahbariga qaratilgani sir emas. Chunki aynan Tramp saylov kampaniyasi paytida Amerikaning tashqi siyosatini keskin tanqid qilib, xalqaro ittifoqchilar va tashkilotlar ishida Vashington ishtirokini kamaytirishni targ'ib qilgan edi.

U prezident etib saylangach, AQSh global iqlimga oid Parij bitimidan chiqishini e'lon qildi; xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda tuzilgan Eron kelishuvini ham tasdiqlamasligini bildirdi. Mutaxassislar fikricha, bunday choralar AQShni xalqaro maydonda yakkalab qo'yishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG