Breaking News

Savdo urushlari AQShda ishlab chiqarish rivojlanishiga olib kelmadi


Saylov oldidan AQShdagi iqtisodiy manzara
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

2016-yilgi saylovda Donald Tramp uch industrial shtat – Pensilvaniya, Michigan va Viskonsinda kichik farq bilan g’alaba qilgan edi. So’nggi o’n yillikda bu joylarda ko’plab korxonalar yopilgan, ish joylari boy berilgan. Pandemiya paytida ham odamlar ishidan ayrilayotgan Viskonsindagi ahvol bilan tanishdik.

Daryo bo’yidagi qog’oz fabrikasi - Viskonsin Repids shahridagi tarixiy inshootlardan biri.

“Shahrimizdagi ko’pgina oilalarning tirikchiligi shu korxona bilan bog’liq. Urushlar va Buyuk Depressiyadan omon qolgan”, - deydi mahalliy qonunchi Skott Krug.

Kruglar oilasining bir necha avlodi shu fabrikada ishlab non topgan. Yillar davomida minglab odamni ish bilan ta’minlagan korxonaning bugun taxminan 900 ishchisi bor. Ular shu oy so’nggi bor maosh oladi.

Inshoot iyul oxirida yopilmoqda. Bunga qisman sabab shuki, pandemiya paytida bizneslar o’z reklamasi uchun qog’oz xarid qilmayapti.

“120 yillik tarixida fabrika ilk bor yopilayotgani meni ich-ichimdan larzaga solyapti”, - deydi Skott Krug.

Yopilish minglab boshqa ishchilarga ham ta’sir qiladi. Lora Delani yog’och tayyorlash biznesi bilan shug’ullanadi.

“Fabrika bizdan yog’och oladigan yirik mijozlarimizdan biri edi”, - deydi u.

Tonnalab yog’och xaridorsiz qoldi. Ishchilarga maosh, texnika uchun olingan kreditlarni to’lash kerak.

“Ba’zi mashinalarimiz 700 ming dollar turadi. Ishlab turmasa o’zini qoplamaydi”, - deydi Delani.

Bir paytlar yirik sanoat korxonalari bilan tanilgan boshqa shtatlarda ham ahvol shu. Avtomobillardan tortib muzlatgichlargacha, turli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zavodlarda ishlab, odamlar yaxshigina maosh olardi. Bugun bu ish o’rinlari boy berilgan.

“Muhim ishlarni bajaramiz, lekin ko’pincha buni unutishyapti”, - deydi Delani.

Tramp 2016-yilda ish o’rinlari yaratishni va’da qilib, Viskonsin aholisi ovozini olgan edi.

“Menimcha, Tramp prezident sifatida ko’p qarshilikka uchradi. Uni o’z holiga qo’yishsa, aytganlarini bajargan bo’lardi”, - deydi Delani.

Xitoy va boshqa davlatlar bilan savdo urushlariga qaramasdan, Tramp davrida ishlab chiqarish sohasida katta o’zgarish yo’q. Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden Viskonsinda o’tkazilgan so’rovlarda oldinda ketmoqda.

“Bu Baydenga xayrixohlik emas, Trampdan norozilik belgisi”, - deydi Viskonsin universiteti professoriBerri Berden.

Unga ko’ra, ayrim saylovchilar nazdida Tramp aravani quruq olib qochgan.

“Asosiy masala – ish o’rinlari haqida gap ketganda odamlar haliyam Trampga ishonadimi, yo’qmi? Yoki to’rt yil oldin bergan va’dalarini unutdimi?”, – deydi suhbatdosh.

Viskonsin qonunchilik organi vakili Skott Krug yopilayotgan qog’oz fabrikasi uchun yangi sarmoyachilarni topish harakatida. Uning o’zi ham noyabrda qayta saylanishga bel bog’lagan.

“Prezident Trampni haliyam qo’llab-quvvatlayman, biroq shahrimizdagi ahvol sabab unga nisbatan avvalgichalik darajada xayrixohlik yo’q. Federal hukumatdan yordam kutamiz. Balandparvoz gaplardan amaliy ishga o’tish kerak”, - deydi qonunchi.

Tramp Viskonsinda Tayvanning “Fokskon” (FoxConn) kompaniyasi zavod ochib, 13 ming ish o’rni yaratiladi, deya maqtangan edi. Kompaniyaga 5 milliard dollargacha subsidiya va’da qilingan. Ammo “Fokskon” zavodi haliyam ishga tushgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG