Breaking News

Tramp: Koronavirusdan keyin iqtisod bir zumda joyiga tushadi


Nyu-York

Oq uyda mudofaa va adliya vazirlari bilan yonma-yon turib so'zlar ekan, Prezident Donald Tramp Amerika iqtisodiyoti baquvvat, dedi. Nyu-Yorkda qimmatbaho qog'ozlar bozori sust va kelasi ikki hafta xushxabar olib kelmasligi mumkin, deydi u, ammo koronavirus tahdidi pasaya boshlagach, iqtisod ham o'z o'rniga tushadi.

O'tgan hafta Kongress ma'qullagan 2,2 trillion dollarlik moliyaviy ko'mak paketi tizimni inqirozdan saqlashi kerak, deydi prezident. Bu yordam barcha sanoatlarga, jamiki bizneslarga, qolaversa barcha amerikaliklarga madad bo'lishi kerak.

Oq uyning qayd etishicha, Meksika bilan chegaradosh hududlarda qoradori savdosi jadallashgan. Uyushgan jinoiy guruhlar e'tibor koronavirusda ekanidan foydalanib, o'z bizneslarini kengaytirmoqchi, ammo bunga aslo yo'l qo'yilmaydi, deydi Tramp.

AQSh mudofaasi esa har doimgidan ham sergakroq, deydi Pentagon rahbari Mark Esper. Vazirlik koronavirusga qarshi favquloqqa choralar ko'rishda oldingi safda.

Oq uy, 1-aprel, 2020
Oq uy, 1-aprel, 2020

Federal miqyosda karantin e'lon qilinmagan, lekin shtatma-shtat gubernatorlar bunday choralarni ham qo'llashga o'tmoqda. Oq uy xalqdan aprel oyi davomida uyda o'tirishni, faqat oziq-ovqat, dori-darmon va zarur bo'lganida ish uchun tashqariga chiqishni so'ramoqda.

Mamlakatda koronavirusni yuqtirganlar 200 mingdan oshgan, o'lganlar esa 4000 dan ziyod. Har ikki jihatdan AQSh dunyoda birinchi o'rinda.

Tramp Xitoy, Rossiya, Yevropa davlatlari hamda ikki qo'shni Meksika va Kanada rahbarlari bilan telefonlashib turganini aytib, xalqaro hamjamiyat bir-birini pandemiyaga qarshi kurashda quvvatlaydi, deydi.

AQSh avvalo o'ziga qaraydi, deydi Tramp. Tibbiy va moddiy jihatdan o'zini ta'minlash birlamchi masala, lekin boshqa mamlakatlardan ham qo'ldan kelgan yordamni ayamaydi. Hozirgacha koronavirusni xalqaro miqyosda bartaraf etish uchun Davlat departamentiga yuzlab million dollar berilgan.

Oq uydan norozi tomonlar nazarida Tramp ma'muriyati koronavirus tahdidini vaqtida to'g'ri baholay olmagani nafaqat Amerikaga, balki butun dunyoga juda qimmatga tushadi. AQSh nufuzi, unga nisbatan ishonch misli ko'rilmagan darajada pasaygan, deydi ular. So'nggi ommaviy so'rovlarda har ikkinchi amerikalik Trampning koronavirusga nisbatan siyosatini qoralagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG