AQSh: Noqonuniy immigrantlar ovchisi bilan tanishing

  • Amerika Ovozi

Glen Spenser 15 yil oldin Meksika bilan chegaradosh Arizona shtatiga ko’chib o’tgan. Fikru-xayolida faqat bir narsa - chegarani qo’riqlash. Spenser buning uchun dronlardan foydalanadi. Hozirgacha Amerikaga noqonuniy kirmoqchi bo’lgan o’nlab odamlarni tutib bergan.

Spenser chegarachi emas, lekin kichik dronni ko’tarib har kuni AQSh-Meksika chegarasiga boradi.

“Kompyuter sakkiz kilometrgacha bo’lgan hududni ko’ra oladi. Harakat sezsa, u yerda odamlar bor deb aytadi menga”, - deydi u.

Otaxonning “Amerika Chegara Patruli” degan tashkilotini huquq faollari nafratga asoslangan guruh deb hisoblaydi. Sonora dashtini noqonuniy ravishda kesib o’tish ko’plar uchun o’lim bilan barobar. Xatarli safar. Glen Spenser 15 yildan beri dashtlikni kuzatadi. Yuzlab hujjatsiz migrantlarni tutib berganman, deya maqtanadi.

Otaxon chegarani qo’riqlashni burchi deb biladi va bu loyihaga o’z hisobidan bir million dollar sarflagan. Posbonlik - hayotim, deydi u.

“Noqonuniy immigratsiya masalasini obdon o’rganib chiqdim”.

Spenser nazarida noqonuniy immigratsiya haqidagi haqiqatni, Amerikani barbod qilishni ko’zlayotgan guruhlar borligini ko’pchilik bilmaydi. Meksika, deya da’vo qiladi u, AQShda o’z tarafdorlarini ko’paytirib, janubiy shtatlarni tortib olmoqchi. Otaxon Amerikada oq tanlilar ozchilikka aylanishidan xavotirda.

“Bu tabiiy jarayon emas. Hujjatsiz muhojirlar bu yerda farzand ko’rayapti, qarindoshlarini olib kelayapti. Bunga chek qo’yish kerak. Bu ketishda ispanzabonlar katta kuchga aylanib, saylovlarga ta’sirini o’tkaza boshlaydi”, - deydi u.

Xuanita Molina kabi faollarning aytishicha, Spenserga o’xshab fikrlaydiganlar talay, ayniqsa chegara hududlarda.

“AQSh jamiyatining muayyan qatlamida qo’rquv bor. Go’yo ular tug’ilib-o’sgan Amerika yo’qolib borayotgandek, kelgindilar mamlakatni bosib olayotgandek. Tramp prezidentligi davrida bu tendensiya yanada avj olayapti”, - deydi Molina.

Advokat Mo Goldman deydiki, ayrim fuqarolar o’zboshimcha harakatga o’tgan.

“Ular o’zini vatanparvar deb hisoblaydi. “Chegarani o’zimiz yopamiz, noqonuniy kirayotganlarni chegarachilarga ushlab beramiz”, deyishadi. Bu ishlar, albatta, qonunga zid emas, lekin bizning shaharda ko’pchilik ularga qo’shilmaydi. Iqrchilik, ksenofobiyani rad etadi”.

Prezidentlik saylovidan keyin Glen Spenserning donorlari kamayib ketdi. Immigratsiya haqida qayg’uradigan fuqarolar, deydi u, Prezident Tramp jiddiy chora ko’rishiga ishonadi. Spenser donorlar yordamisiz ham chegarani qo’riqlashda davom etmoqchi. Dronlar ishlab tursa bas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG