Rashad Hussayn, AQSh maxsus elchisi "musulmonlar dardini tushunamiz" deydi


32 yoshli Rashad Hussayn AQShning Islom Konferensiyasi Tashkilotidagi maxsus vakili. Huquqshunos va islomshunos.

32 yoshli Rashad Hussayn AQShning Islom Konferensiyasi Tashkilotidagi maxsus vakili. Hindistonlik ishchi muhojir oilasida dunyoga kelib, Amerikaning nufuzli oliygohlarini, xususan Garvard Universitetini bitirgan. Huquqshunos va islomshunos.

Shu yil boshida prezident Barak Obama Rashad Hussaynni musulmon dunyosi va Amerika orasidagi vositachilik vazifasiga tayinlaganida, bu yigit Qur’onni yoddan biladi deya maqtagan edi.

Amerika siyosiy doiralari Islom Konferensiyasi Tashkilotiga musulmon tanlanganidan mamnun bo’lsa-da, ayrimlar gap Rashad Hussaynning Qur’onni qiroat qila olishida emas, balki uning diplomatik zehni va siyosiy malakasida bo’lishi kerak deb tanqid qilgan.

Oq Uyning bildirishicha, Rashad Hussaynning asosiy vazifasi Amerika manfaatlari va qadriyatlarini himoya qilgan holda bu tashkilot bilan ishlash. Unga Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo va Janubiy Amerikada joylashgan 57 davlat kiradi.

Amerika ularning har biri bilan o’ziga xos murakkab rishtalarga ega, jumladan, O’zbekiston bilan. Rashad Hussayn deydiki, Obama ma’muriyati diqqatni mushtarak manfaatlarga qaratmoqda.

“Prezident Obama o’tgan yili Qohiradan turib qilgan murojaatida Amerika va islom dunyosi orasidagi siyosiy kelishmovchiliklarni tan olgan, maqsad tinchlik ekanini uqtirgan, muzokara va murosaga tayyor ekanini qayd etib, hamkorlikni kengaytirish uchun talab va xohish kuchli ekanini ochiq aytgan edi. Biznes, sog’liqni saqlash, texnologiya, ta’lim sohalarida birga ishlashni istaymiz”,- deydi Rashad Hussayn.

Lekin, siyosatdonlarning eslatishicha, Isroil-Falastin mojarosi hal etilmas ekan, musulmon dunyosida Amerikaga, yahudiy davlatining suyangan tog’i sifatida gavdalanadigan davlatga nisbatan nafrat kuchaysa kuchayadiki, pasaymaydi.

Maxsus elchi “Obama ma’muriyati muammo ildizini tushunadi”, - deydi.

AQSh Falastin davlati vujudga kelishini istaydi va bu maqsadni olg’a surishda davom etadi, deydi Rashad Hussayn.

Lekin, uning fikricha, AQSh va islom dunyosi aloqalari faqat Yaqin Sharqqa borib taqaladi deyish noto’g’ri.

Iroq va Afg’onistondagi urushlarni iloji boricha tezroq tugatib, oddiy xalq hayotini osonlashtirish yo’lida hissa qo’shish va e’tiborni iqtisod, ta’lim va sog’liqni saqlashga qaratish kerak, deydi rasmiy.

Rashad Hussaynning qayd etishicha, Amerika hukumati o’tmishdagi xato va tushunmovchiliklarni tan olayapti.

Xususan, ekstremizm va zo’ravonlikka yetaklaydigan muammolar tubida qanday omillar yotganini tushunib yetayapti. Amerika huquq va erkinlikni azaldan targ’ib qilib kelgan va dunyoning qayerida bo’lmasin, bundan chekinmaydi, deydi maxsus elchi. Hukumatlararo aloqaning faollashishi, deydi elchi, xalq dardi chetda qoldi degani emas.

"Jahon ahlining to’rtdan birini tashkil etuvchi musulmon jamiyatlar ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy – intellektual jihatdan juda boy va Amerika ularga teng huquqli hamkor sifatida qaray olishi kerak", deydi u.

“Diniy ekstremizm haqida gapirganimizda, undan asosan biz emas, musulmonlarning o’zi eng ko’p aziyat chekayotganini unutmasligimiz kerak”, - deya eslatadi Rashad Hussayn.

AQShning Islom Konferensiyasi Tashkilotidagi maxsus vakili fikricha, “manfaatlar” so’zini ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak.

Erkinlik, farovonlik, to’qlik va totuvlik bir davlat manfaati emas, deydi u, bular umumbashariy talablar.

Islom Konferensiyasi Tashkiloti a’zolarining hammasi ham bir-biri bilan kelishib ishlaydigan yoki do’stona aloqadagi hukumatlar emas.

Arab, ingliz va fransuz tillarida ish yuritadigan bu uyushma musulmon manfaatlari uchun bir ovozdan gapirishni ko’zlaydi. Lekin bu manfaatlar nimadan iborat bo’lishi kerakligi va boshqa ko’plab masalalarda tashkilot ichida yakdillik yo’q.

Hindiston, dunyoda musulmon aholisi ko’pligi jihatdan Indoneziyadan keyin ikkinchi o’rinda turuvchi davlat tashkilotga kirishni istaydi. Saudiya Arabistoni buni quvvatlaydi, ammo yirik a’zolardan bo’lmish Pokiston bunga qarshi.

O’zbekiston va Qozog’iston tashkilotga 1995 yildan beri a’zo. Turkmaniston, Qirg’iziston va Tojikiston esa unga 1992 yilda kirgan. Rossiya - kuzatuvchi davlat. Amerika a’zo emas, balki hamkor sifatida qaraladi.

May oyida Islom Konferensiyasi Tashkiloti Tojikiston poytaxti Dushanbeda yig’in o’tkazganida AQSh vakili u yerda so’zlagan va a’zo davlatlar tomonidan iliq qarshilangan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

XS
SM
MD
LG