Breaking News

AQSh Myanmadagi qochqinlarga qo'shimcha 32 million dollar ajratadi 


Prezident Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida e’tiborni Shimoliy Koreyaga qaratgan bir paytda, dunyo yetakchilaridan biri majlisga bormadi - Myanma rahbari Au San Su Chi. Nobel tinchlik mukofoti laureati Rakxayn shtatidagi inqiroz haqida o’z poytaxtidan turib so’zladi. Shimolda 5-sentabrdan buyon zo’ravonlik kuzatilgani yo’q, deydi u.

BMT Bosh Assambleyasiga qilgan murojaatida Prezident Tramp Myanmadagi ahvolni tilga olmadi. Hozirgacha 400 mingdan ziyod rohinja musulmonlari Bangladeshga qochgan. Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Myanma xavfsizlik kuchlari bu jamoaga qarshi misli ko’rilmagan jinoyatlar sodir etmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish deydiki, xalqaro hamjamiyat Rakxaynda zo’ravonlik sur’ati keskin oshganidan xavotirda. U Myanma hukumatini zudlik bilan choralar ko’rishga undamoqda.

“Hukumat harbiy operatsiyalarni bas qilsin, gumanitar yordam yetkazilishi uchun yo’l ochsin, qochqinlar huquqlarini tan olib, ularning uyga qaytishiga ruxsat bersin. Rohinja musulmonlari fuqaro sifatida tan olinmaydi, bu masalani ham hal qilish kerak”, - deya ta’kidladi Guterrish.

Vaziyat yuzasidan kuchli xalqaro bosim bilan yuzlashayotgan Au San Su Chi inqiroz haqida ilk bor xorijiy diplomatlar oldida so’zladi.

“Odamlar nima sababdan uy-joyini tashlab ketayotganini aniqlashimiz kerak. Bangladeshga qochganlar bilan suhbatlashamiz. Ko’pchilik bilmaydiki, aksar musulmonlar Rakxaynni tark etmagan, ular yashaydigan qishloqlarning yarmidan ko’pi butun”, - deydi Myanma rahbari.

Yangon shahrida Au San Su Chi tarafdorlari uni quvvatlab, ko’chalarga chiqdi. Ammo xalqaro huquq tashkilotlariga ko’ra, uzoq yillar harbiy diktaturaga qarshi kurashgan rahbar armiya sodir etayotgan jinoyatlarga ko’z yumayotgani achinarli.

“Uning nutqidan ko’pchilikning hafsalasi pir bo’ldi. Qat’iy bayonot kutgan edik. Lekin Au San Su Chi noharbiy hukumat rahbari ekanini unutmaylik, uning vakolatlari cheklangan”, - deydi tahlilchi Leks Rifel.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Au San Su Chi bilan telefonda suhbatlashgan. Rakxayn shtatiga gumanitar yordam yetkazishni, musulmonlar huquqi poymol etilishiga chek qo’yishni so’ragan.

AQSh rohinja musulmonlariga 32 million dollarga teng yordam ajratmoqda. Ularga oziq-ovqat, dori-darmon, suv and palatkalar yetkaziladi. 2016-yilning oktabridan buyon myanmalik qochqinlarga Vashington jami 95 million dollarlik yordam ko'rsatgan.

Xalqaro hayot - 20-sentabr, 2017
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG